“VEON” telekommunikatsiya xoldingi “Beeline Uzbekistan” yangi bosh direktori tayinlanganini ma’lum qildi. Bu haqda mobil operator saytida xabar berilgan.

Endilikda kompaniyaga Andrey Pyataxin rahbarlik qiladi. 2021-yilning martidan buyon bu lavozimda ishlab kelayotgan Anjey Malinovski oilaviy sabablarga ko‘ra noyabr oyi oxirigacha iste’foga chiqadi.

Andrey Pyataxin 2001-yilda “VEON” kompaniyasiga qo‘shilgan. Raqamli guruhda ishlagan vaqtida u “Veon” tuzilmalarida turli rahbarlik lavozimlarida ishlagan, jumladan, u “Beeline Kyrgyzstan"ni boshqargan, Gruziya va Armanistondagi operatsion kompaniyalarning bosh direktori lavozimida faoliyat yuritgan.

Pyataxin “Harvard Business School"ning global kompaniyalari rahbarlari uchun “Advanced Management” dasturini tugatgan. Iqtisod fanlari nomzodi ilmiy darajasiga ega.

“Ishonamanki, Andreyning tuzilmalarimizdagi 20 yillik tajribasi raqamli operator strategiyamizga muvofiq “Beeline Uzbekistan"ni rivojlantirishga yangi turtki beradi”, — dedi “VEON Group” bosh direktori Kaan Terzioglu qarorni izohlab.

Bir kun avval xolding bosh ofisini Amsterdamdan Dubayga ko‘chirish istagi mavjudligi ma’lum qilingandi. Terzioglu bu harakatni strategik yo‘nalishni o‘zgartirish doirasida yirik bozorlarga yaqinlashish zarurati, shuningdek, global iste’dod va investorlarga kirish imkoniyati bilan izohladi.

“VEON” O‘zbekistondan tashqari Bangladesh, Qozog‘iston, Pokiston va Ukrainada ham faoliyat yuritadi. Joriy yilning mart oyida xolding “Beeline Kyrgyzstan"dagi o‘z ulushini nepallik tadbirkor Binoda Chaudhurining “CG Cell” kompaniyasiga sotishga kelishib olgandi.