“UzAuto Motors” “Chevrolet Cobalt” avtomobilini yangi “Midnight” (“yarim tun”) modifikatsiyasida ishlab chiqarilishini e’lon qildi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Kompaniyaning qayd etishicha, mazkur konsepsiya marketologlar tomonidan iste’molchilarning ichki va tashqi bozordagi xohish-istaklari o‘rganilib, uning asosida yaratilgan. Yangi versiya birinchi navbatda tashqi ko‘rinishi jihatidan farqlanadi.
“Cobalt"ning mazkur “Midnight” komplektatsiyasi qoramtir tusdagi yoritish tizimi hamda g‘ildirak disklarni o‘z ichiga oladi. Bundan tashqari, bu versiyadagi barcha avtomobillar avtomatik uzatmalar qutisi bilan jihozlanadi.
Kelgusida avtomobilning ichki dizaynini ham yangilash rejalashtirilgan. Yaxshilangan tashqi ko‘rinishga ega “Cobalt Midnight” mavjud komplektatsiyaga qo‘shimcha ravishda ishlab chiqariladi, deya ta’kidladi kompaniya.
Yangi modifikatsiyani Asakadagi zavodda ishlab chiqarish “yaqin fursatlarda” boshlanishi kutilmoqda. Biroq “UzAuto Motors” avtomobil ishlab chiqarishning boshlanish sanasi va narxiga aniqlik kiritmadi.
Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, “Cobalt” avtomobili O‘zbekistonda ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha birinchi o‘rinda turadi. Sakkiz oy davomida bu rusumdagi 102 mingdan ortiq yoki o‘tgan yilga nisbatan 1,5 barobar ko‘p avtomobil ishlab chiqarilgan.
Joriy yilning iyun oyida kompaniya 25 ming dona “Cobalt” uchun onlayn kontraktatsiyani ochdi. Taklif etilgan barcha hajm uchun 9−10 soat ichida shartnoma tuzildi. Shuningdek, 5-iyul hamda 17-iyul kunlari ham to‘lovi o‘z vaqtida amalga oshirilmagan “Cobalt” uchun kontraktatsiya ochildi.