Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida Toshkent viloyatini rivojlantirishga qaratilgan yig‘ilish o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.
Unda Angren, Olmaliq, Ohangaron shaharlari, Piskent va Ohangaron tumanlarining viloyat sanoatidagi ulushi 50%ni tashkil qilishi qayd etildi.
Mazkur hududlarda ishlab chiqarishni kooperatsiya va klaster asosida tashkil etish uchun yangi tizim — “Sanoat uchburchagi” dasturini tayyorlashga qaror qilindi.
Masalan, Olmaliq kombinatida yiliga 600 ming tonna temir tarkibiga qo‘shimcha komponent — “ogarok” ishlab chiqarilayapti. Ohangaron tumani va shahri, Piskentdagi 3ta sement zavodi ishlab chiqarishda bu komponentdan foydalanayapti.
Tumanlar kooperatsiya qilsa, transport xarajati 20−30%ga, tannarx esa 5−10%ga kamayishi ta’kidlandi.
“Sanoat uchburchagi"ga kiruvchi tumanlarda keramogranit, keramik plita va chinni idish chiqarish bo‘yicha yana $120 mlnlik 7ta loyihani joylashtirish mumkin.
Xususan, Piskent tumanidagi mahallalardagi 500ta xonadonda chinniga badiiy bezak berishni yo‘lga qo‘yish, Angren shahrida karton zavodi quvvatini 1,5 baravarga oshirib, keramika buyumlari uchun qadoq yetkazib berishni tashkil qilish mumkin.
$40 mln hisobiga rudadagi metallarni bir-biridan ajratish uchun zarur bo‘lgan santogenat ishlab chiqarishni 2 karra oshirish orqali Olmaliq kombinatining bunday mahsulotga ehtiyoji to‘liq qoplanadi, $20 mlnlik eksport bo‘ladi.
“Sanoat uchburchagi"ga kiruvchi tuman va shaharlarda kamida 5tadan korxonani jalb qilib, keyingi yil kombinat importini $25 mlnga kamaytirish imkoniyati ko‘rsatib o‘tildi.
Yangi loyihalar hisobiga hududdagi korxonalar soni 2−3 yilda 1,5 mingga yetadi. Mutasaddilarga keyingi yil bu korxonalar uchun Angren, Olmaliq shaharlari va Ohangaron tumanida $50 mlnlik 3ta yirik logistika markazini tashkil qilish topshirildi.
Viloyat, tuman va shaharlar hokimlariga dastur doirasida bir yilda $1,3 mlrdlik 230ta loyihani ishga tushirish, buning hisobiga 13 mingta yuqori daromadli ish o‘rni yaratib, ularga kambag‘al oilalardan kamida 5 ming kishini ishga joylashtirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Avvalroq Nurafshon shahrida yangi sanoat texnoparki tashkil etish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi. Qiymati $720 mlnlik investitsiya loyihalari uchun majmua hududida 2 qavatdan 7 qavatgacha bo‘lgan binolar quriladi.