Namangan shahrida o‘zboshimchalik bilan 318,6 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan 2 ta nonvoyxona aniqlandi. Bu haqda “O‘zenergoinspeksiya” matbuot xizmati xabar berdi.

“O‘zenergoinspeksiya” Namangan viloyat hududiy boshqarmasi va gaz ta’minoti korxonasi hamkorligida Namangan shahrida nazorat tadbiri o‘tkazilgan

Unda fuqaro J.M. va A.Y. larga qarashli nonvoyxonalarning gaz qurilmalarini tarmoqqa o‘zboshimchalik bilan ulab, tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganliklari aniqlandi.

Ushbu qoidabuzarliklar natijasida davlat manfaatlariga 318,6 mln so‘mlik (122,5 ming metr kub tabiiy gaz) zarar yetkazilganligi ma’lum bo‘ldi.

Mazkur holatlar yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.


Avvalroq “Spot” ikkita hududda qariyb 224 mln so‘mlik elektr energiyasi va tabiiy gaz talon-toroj qilingani aniqlangani haqida yozgandi.

Xususan, Namanganda fuqaro elektr tarmog‘iga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulangan, Jizzaxda esa novvoyxona tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan.