Istiqbolli loyihalar milliy agentligi “Semurg Insurance” sug‘urta kompaniyasiga nisbatan jazo choralarini qo‘lladi, deya xabar bermoqda agentlik matbuot xizmati.

Unga ko‘ra, moliyaviy hisobotlarini o‘rganish natijalariga ko‘ra qonunchilik hujjatlarida belgilangan me’yorlarga rioya qilinmaganlik faktlari aniqlanib, natijada 31,5 mln so‘m miqdorida jarima solindi.

Bundan tashqari, agentlik “Semurg Insurance” kompaniyasiga berilgan sug‘urta litsenziyasining amal qilishini 10 kunga to‘xtatdi.

Kompaniya litsenziyasini to‘xtatish haqidagi qaror 15-oktabrdan kuchga kirdi, deya ta’kidladi agentlik.

Istiqbolli loyihalar milliy agentligining qayd etishicha, litsenziyasining amal qilishini to‘xtatib turish muddati davrida yangi sug‘urta (qayta sug‘urta) shartnomalarini tuzish, amaldagi sug‘urta (qayta sug‘urta) shartnomalarini uzaytirish ta’qiqlanadi.

Joriy yilning avgust oyida ham ILMA qonun hujjatlarida belgilangan me’yorlarga rioya qilmaganligi uchun “Semurg Insurance” sug‘urta kompaniyasi 45 mln so‘m jarimaga tortgandi.

Sug‘urta bozorini tartibga soluvchining funksiyalari 2023-yilning sentabr oyida agentlikka o‘tkazilgandi.

Shu vaqt ichida agentlik “Unipolis”, “Farovon sug‘urta”, “Sharq sug‘urta” va “Euroasia Life Insurance” sug‘urta kompaniyalarining litsenziyalarini bekor qildi. Yana bir sug‘urtalovchi “Asko-Vostok” litsenziyasini rad etdi.

Shuningdek, regulyator uchta tashkilotning litsenziyalarini to‘xtatdi, ularning oxirgisi dekabr oyida “Omad Sug‘urta” bo‘ldi. Yana sakkiz nafar sug‘urtalovchi normativlarni buzganlik uchun jami 252 mln so‘m jarimaga tortildi. Aprelda “Universal Sug‘urta” kompaniyasining litsenziyasi bekor qilindi.

Fevral oyida NAPP direktorining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak sug‘urta bozorida “nosog‘lom raqobat rivojlanganini” ta’kidladi.

U ba’zi kompaniyalarning boshqalarga nisbatan “aniq ustunligi"ga ishora qildi va bu masala amaldagi talab va qoidalarga rioya qilish bilan bog‘liqligini qo‘shimcha qildi.