15-oktabr kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida Toshkent viloyatini rivojlantirish vazifalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi.
Viloyat iqtisodiyoti so‘nggi yetti yilda 1,5 barobarga o‘sib, o‘tgan yili 119 trln so‘mlik qo‘shilgan qiymat yaratildi, tadbirkorlar 16 mingtaga ko‘payib, 170 ming doimiy ish o‘rni paydo bo‘ldi.
Shuningdek, $6 mlrdlik 826ta yangi sanoat korxonasi ishga tushdi, $5 mlrdlik eksport amalga oshirildi. Buning natijasida o‘tgan to‘rt yilda 70 ming, bu yilning o‘zida esa 19 mingta oila kambag‘allikdan chiqarildi.
Yig‘ilishda Toshkent tumani viloyat aholisiga uy-joy qurish uchun asosiy baza bo‘lishi kerakligi, tuman orqali Qozog‘istondan kuniga 44 ming odam, jumladan 2−2,5 ming xorijiy turistlar o‘tib qaytishi qayd etildi.
Mutasaddilarga “Shifobaxsh suvlar” hududidan yana 5ta sanatoriy qurish uchun joy topib, auksionga chiqarish, Shifobaxsh suvlar ko‘chasini kengaytirib, atrofida yirik savdo, sport va ko‘ngilochar markazlar, ko‘p qavatli uylar qurish bo‘yicha master reja ishlab chiqish topshirildi.
Poytaxtdagi korxonalarga viloyatdagi qurilishi to‘xtagan obyektlarga ko‘chib o‘tishni taklif qilish muhimligi ta’kidlandi.
Ancha vaqtdan beri sotilmagan 70ta obyekt poytaxtdagi tadbirkorlarga bo‘lib-bo‘lib to‘lashga beriladi. Ishchilarning 50%i kambag‘al oiladan bo‘lishi shart.
Uch yilda tijorat obyektlari poytaxtda 5,7 mln kv.ga ko‘paygan bo‘lsa, Toshkent viloyatida 1,6 mlnga oshdi. Viloyatda har yili 1 mln kv tijorat joyi tashkil qilish lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.
Yil yakunigacha 115ta ko‘p qavatli uy, 39 km suv va 29 km gaz tarmog‘i qurilishini yakunlash vazifasi qo‘yildi.
Zangiota tumanidagi Ibrat va Ulug‘bek mahallalariga xizmat qilgan 2ta oqova suv inshooti eskirgani, Bog‘zor va Nurobod mahallalaridagi ko‘p qavatli uylarda isitish va oqova tizimi muammoli ekani ko‘rsatib o‘tildi.
Mutasaddilarga bu 4ta mahallada suv, oqova va isitish tizimini yaxshilash loyihalarini tayyorlash topshirildi.
Avvalroq prezident Toshkent viloyatida umumiy qiymati $2 mlrd bo‘lgan 9ta loyihani ishga tushirgandi. Ular orasida texnopark, to‘qimachilik sanoat parki, to‘rtta GES, ikkita energiya saqlash tizimi va quyosh elektr stansiyasi bor.