Shavkat Mirziyoyev 15-oktabr kuni Toshkent viloyatining Olmaliq shahriga tashrif buyurib, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida bo‘ldi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Shaharda Toshkent davlat texnika universitetining hamda Moskva po‘lat va qotishmalar instituti filiallari ochilgan. Yaqinda bularga qo‘shimcha Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining Muhandislik maktabi tashkil etildi.
Bu yerda Germaniya tajribasi asosida yiliga 480 nafar muhandis tayyorlanadi hamda ming nafar xodimning malakasi oshiriladi. Dars jarayonlari yo‘nalish va mavzulardan kelib chiqib, xorijlik professor-o‘qituvchilar ishtirokida olib boriladi.
O‘quv dasturi Germaniya ta’lim metodologiyalari asosida ishlab chiqilgan. Maktab mexanika, metallurgiya, ishlab chiqarishni avtomatlashtirish, foydali qazilmalarni boyitish, energetika yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv-amaliyot uskunalari bilan jihozlangan.
Prezident maktab samaradorligini oshirish zarurligini, buning uchun o‘quvlar muntazam tashkil etilib, amaliyot bilan bog‘liq bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.
Muhandislik maktablarida “Tarmoq — korxona — oliygoh” zanjirini mustahkamlash maqsadida har birining sanoat hamkori belgilanadi. Ularda matematika, fizika, kimyo, muhandislik grafikasi, informatika va xorijiy tillar o‘qitiladi.
Prezident “Yoshlik-1” koni hamda uning negizida qurilayotgan 3-mis boyitish fabrikasini ko‘zdan kechirdi. Kon hududi — 11 ming gektar. Zaxirasi yiliga 65 mln tonna ma’danni tashkil etib, bu konda oltin, mis, kumush, molibden, selen kabi 13 turdagi qimmatli va nodir metallar bor.
3-mis boyitish fabrikasi 2021-yildan buyon barpo etilmoqda. Hozir 200 mln kub metr kon yuzasi ochilgan, 41 kilometr temir yo‘l yotqizilgan, 650 megavattli podstansiya qo‘yilgan. AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Turkiya, Xitoy, Rossiya va boshqa Yevropa davlatlaridan uskunalar keltirilgan.
Qiymati $4,6 mlrd bo‘lgan loyihaning birinchi bosqichida fabrika yiliga 60 mln tonna rudani qayta ishlash quvvatiga ega bo‘ladi. Bu orqali yilliga 917 ming tonna mis va 2,5 ming tonna molibden konsentratlari ishlab chiqariladi. Loyiha natijasida 5 600 kishining bandligi ta’minlanadi.
Ikkinchi bosqichda quvvat 160 mln tonnaga yoki hozirgi ko‘rsatkichdan 3 barobarga oshiriladi. 2028-yilga borib, korxona quvvati yiliga 400 ming tonna mis, 50 tonna oltin va 270 tonna kumush ishlab chiqarishga yetadi.
“Enter Engineering” kompaniyasi “Uralmashzavod” bilan 2021-yilning iyun oyida OKMK uchun boyitish zavodini yaratish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Dastlab, ish 2023-yil oxirigacha yakunlanishi kutilgandi.
Soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, “Uralmashzavod” shuba korxonasi joriy yil boshidan to‘qqiz oy davomida xususiy sektorning eng yaxshi soliq to‘lovchilari o‘ntaligiga kirdi. tushumlar miqdori 314,5 mlrd so‘mni tashkil etdi.
Avvalroq Buyuk Britaniya OKMKga 12,6 mln yevro miqdorida kredit kafolati taqdim etgani haqida xabar berilgandi. Qayd etilishicha, mablag‘lar avtomatlashtirilgan uskunalarni xarid qilishni qayta moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.