“O‘zatom” atom energetikasi agentligi O‘zbekiston hududlarida kam quvvatli atom elektr stansiyalarini (KQAES) qurish uchun 14ta potensial maydonni o‘rganishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 15-oktabr kuni Toshkentda o‘tkazilgan xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda “O‘zatom” direktori Azim Axmedxo‘jayev ma’lum qildi, deya xabar beradi “Spot” muxbiri.
2023-yilda O‘zbekistonda 78,7 mlrd kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan bo‘lib, uning 80%i gazda ishlaydigan issiqlik elektr stansiyalariga to‘g‘ri keldi. Qazilma yoqilg‘ilarga kuchli qaramlik elektr energiyasining yuqori narxiga, tabiiy gaz iste’molining oshishiga va energiya xavfsizligining pastligiga olib keldi.
“Qishning anomal sovug‘i va yozning jazirama issig‘i bu qaramlikning ba’zi oqibatlarini allaqachon ko‘rsatdi. Bu muammolarni hal qilish uchun O‘zbekistonning energetika sohasidagi strategik maqsadi quyosh, shamol va yadroviy energiya kabi „yashil“ energiya manbalarini o‘z ichiga olgan holda energiya balansini diversifikatsiya qilishdan iborat”, — dedi “O‘zatom” rahbari.
Uning so‘zlariga ko‘ra, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini, jumladan, atom energetikasini rivojlantirish nafaqat energiyaga bo‘lgan ehtiyojni qondirish, balki 2030-yilgacha iqtisodiy o‘sish va ekologik maqsadlarga erishishga ko‘maklashishga qaratilgan. Biroq, qayta tiklanadigan energiya manbalari ulushini oshirish elektr energiyasi ishlab chiqarishning beqarorligi tufayli barqaror energiya balansini ta’minlash uchun qo‘shimcha quvvatlarni rivojlantirishni talab qiladi.
“Elektr ta’minotida katta uzilishlar yuz berganda energiya tizimida manyovrli quvvat zaxiralarining yo‘qligi AESdagi avariya holatlarida energiya tizimida kaskadli uzilishlarga olib kelishi mumkin. Elektr uzatish liniyalarining past quvvati va qo‘shni elektr tizimlari bilan zaif aloqa energiya tizimidagi nomutanosiblikka olib kelishi mumkin. Bugungi kunda kichik modulli reaktorlar (SMRs) barcha bu muammolarga javob bermoqda”, — dedi Axmedxo‘jayev.
U kattaroqlariga nisbatan kichik modulli reaktorlarning xususiyatlari orasida quyidagilarni ta’kidladi:
- passiv xavfsizlik tizimlari bilan uyg‘unlashgan yuqori xavfsizlik;
- an’anaviy gaz va ko‘mir energiya bloklari quvvatiga teng bo‘lgan kam quvvat tufayli energiya tizimiga oson moslashish;
- kichikroq maydon va muhofaza zonasi tufayli iste’molchi yaqin joyda ayrim texnologiyalarni qurish imkoniyati;
- yuklamani ta’minlash imkoniyati bilan qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish va ular bilan birgalikda ishlash uchun boshlang‘ich kapital xarajatlarning pastligi.
Bundan tashqari, “O‘zatom” bir nechta xorijiy kompaniyalar, jumladan, Xitoyning “CNNC”, Koreyaning “KAERI” va Amerikaning “NuScale Power” kompaniyalarining kichik AESni qurish texnologiyalarini tahlil qildi. Biroq, bu pudratchilar o‘z texnologiyalarini 2030-yildan keyin taklif qilishlari mumkin. Rossiyaning “Rosatom” kompaniyasi tanlanishini Axmedxo‘jayev uning katta tajriba va referent texnologiyalarga egaligi bilan izohladi.
“Atom elektr stansiyalari qurilishi mumkin bo‘lgan 14ta maydon oldindan baholandi. Mamlakatning turli hududlarida kichik reaktorlarni yanada rivojlantirish uchun mazkur maydonlarni batafsil o‘rganish rejalashtirilgan. Baholash, albatta, AES uchun joylarni tanlash bo‘yicha mahalliy va xalqaro qoidalar asosida amalga oshiriladi”, — dedi u.
Hozirda kam quvvatli AES loyihasi bo‘yicha litsenziya olish uchun loyiha-ishchi hujjatlarini ishlab chiqishga texnik topshiriq ishlab chiqilmoqda. “O‘zatom” direktori kelgusida kichik AESdan nafaqat elektr energiyasi ishlab chiqarish, balki uy xo‘jaliklarini isitish va sanoat bug‘ini ishlab chiqarish uchun ham foydalanish mumkinligini ta’kidladi.
Azim Axmedxo‘jayevning fikricha, atmosferaga tashlamalarsiz elektr energiyasini barqaror ta’minlash, yadro energetikasi sohasida fan va ta’limni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, AESning “ayrim komponentlarini majburiy mahalliylashtirish”, shuningdek, infratuzilmani yaxshilash va uglevodorod manbalariga bog‘liqlikni kamaytirish kichik AESni qurishning afzalliklari hisoblanadi.
O‘zbekistonda kichik AES qurilishi
Joriy yilning 27-may kuni “O‘zatom” va “Rosatom” kam quvvatli AES qurish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Loyiha Rossiya ishlanmasi — RITM-200N bosimli suv reaktoriga asoslangan. RITM-200N reaktorining issiqlik quvvati — 190 MVt, elektr quvvati — 55 MVt, xizmat muddati — 60 yilgacha.
Atom energiyasi agentligi matbuot xizmati “Spot"ga kam quvvatli AESning birinchi reaktorini ishga tushirish besh yildan keyinga mo‘ljallanganini ma’lum qildi.
Shavkat Mirziyoyev OAVga bergan bayonotida dunyoda deyarli barcha davlatlar energetik xavfsizlik va barqaror rivojlanishni atom energetikasi hisobiga ta’minlashini, O‘zbekiston uran zaxiralarini uchinchi davlatlarga eksport qilayotgan mamlakat sifatida loyiha hayotiy ahamiyatga ega ekanligini qayd etdi.
Iyun oyi oxirlarida AES loyihasi bo‘yicha dastlabki ishlar boshlandi. Unda Jizzax viloyatidagi belgilangan maydonda amalga oshiriladigan birinchi qurilish shtabi joylashtirilib, rejalashtirilgan muddatda ishlarni boshlash bo‘yicha vazifalar belgilab olingandi.
Sentabr oyida “O‘zatom” va “Rosatom” o‘rtasida kam quvvatli AES qurilishi bo‘yicha ishlarni boshlash to‘g‘risida bayonnoma imzolandi. Hujjat qurilish maydonchasida tayyorlov ishlari, loyihalashtirish hujjatlarini ishlab chiqish hamda litsenziyalash bosqichiga o‘tishni nazarda tutadi.