15-oktabr kuni Shavkat Mirziyoyev Olmaliq kon-metallurgiya kombinati faoliyati va yangi investitsiya loyihalari bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
So‘nggi olti yilda OKMKda sanoat mahsuloti 1,8 baravar, mahalliylashtirish 7,7 baravar, investitsiya esa 13 baravar oshgan. 70dan ortiq loyihalar amalga oshirilgan.
2021-yilda “Yoshlik-1” koni negizida 3-mis boyitish fabrikasi qurilishi boshlangandi. Prezident tashrifi doirasida loyihaning ikkinchi bosqichi — 4-mis boyitish fabrikas qurilishiga start berildi.
Loyiha Italiyaning “Wood” hamda Buyuk Britaniyaning “Worley Parsons” kompaniyalari tomonidan amalga oshirilib, uning qiymati $5,3 mlrdni tashkil etadi.
Mazkur loyiha natijasida yiliga 146 ming tonna katodli mis, 13 tonna oltin va 73 tonna kumush olish quvvatlari yaratiladi. Yillik ishlab chiqarish hajmi $1,9 mlrdga yetadi.
Fabrika va uning infratuzilmalarida 3 mingdan ortiq kishini ish bilan ta’minlash belgilangan. Ishlab chiqarishda yuqori texnologik, ekologik xavfsiz va tejamkor texnologiyalar qo‘llaniladi.
Bundan tashqari, hozirda OKMKning 5-mis boyitish fabrikasini qurish ishlari loyihalashtirilayotgani qayd etildi.
Qiymati $4,6 mlrd bo‘lgan loyihaning 3-mis boyitish fabrikasining birinchi bosqichida yiliga 60 mln tonna rudani qayta ishlash quvvati ta’minlanadi. Natijada, yilliga 917 ming tonna mis va 2,5 ming tonna molibden konsentratlari ishlab chiqariladi.
Avvalroq Buyuk Britaniya OKMKga 12,6 mln yevro miqdorida kredit kafolati taqdim etgani haqida xabar berilgandi. Qayd etilishicha, mablag‘lar avtomatlashtirilgan uskunalarni xarid qilishni qayta moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.