Rossiyaning “Ozon” onlayn tijorat kompaniyasi O‘zbekistondagi birinchi saralash markazida ishlarni boshladi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati “Spot"ga ma’lum qildi.
16-oktabr kuni Toshkentda o‘tkazilgan “Central Asia Retail Week 2024” xalqaro forumining ishbilarmonlik dasturi doirasida “Ozon” va O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Kelishuv O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida tovar aylanmasi hajmini, mahalliy ishlab chiqarilgan mahsulotlarning eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan. Tomonlar O‘zbekistonda kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlamoqchi.
“Bu yangi eksport ufqlarini ochadi va O‘zbekistonning xalqaro bozorlardagi o‘rnini mustahkamlashga yordam beradi. Hamkorlik orqali mahalliy tadbirkorlarga yangi bozorlarga chiqishga va marketpleysda aylanmani oshirishga yordam beramiz”, — deydi “Ozon” boshqaruvchi direktori o‘rinbosari Vladimir Goncharevich.
Xususan, elektron savdo sohasida o‘quv dasturlari, qo‘shma konsultatsiya va tadbirlar o‘tkazish hamda axborot va reklama kampaniyalarini ishga tushirish ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, tadbir doirasida “Ozon” O‘zbekistonda logistika infratuzilmasini ishga tushirishini e’lon qildi. Shu bilan birga, kompaniya Toshkentdagi birinchi saralash markazida ishlarni yo‘lga qo‘ydi.
1 ming kv.metr maydonda tashkil etilgan mazkur saralash markazi buyurtmalarni qabul qilish, ularga ishlov berish hamda yetkazib berishga tayyorlash bilan shug‘ullanadi. Kelgusida markaz maydonini 5 ming kv.metrgacha kengaytirish belgilangan.
Shuningdek, Farg‘ona, Termiz va Buxoroda marketpleysning 3ta saralash markazlarini ochish rejalashtirilmoqda. Buning natijasida, 2 mingdan ortiq aholi ish ta’minlanishi kutilmoqda.
Birinchi bosqichda mahalliy sotuvchilar uchun mahsulotlarni O‘zbekistondan Rossiyaga sotishning ikkita sxemasi mavjud — “sotuvchi kuchi bilan yetkazib berish” va “sotuvchi omboridan sotish”. Bunda tadbirkor tovarlarni o‘z omborida saqlaydi, lekin ularni xaridorga yetkazib berish uchun marketpleysga beradi.
O‘zbekistondan Rossiyaga sotuv ochilganidan keyingi dastlabki kunlarda platformada mingdan ortiq mahalliy tadbirkorlar ro‘yxatdan o‘tishdi. 2025-yilda kompaniya mamlakatning barcha shaharlarida 1500dan ortiq topshirish punktlarini ochishni rejalashtirgan.
Hozirda tadbirkorlardan franshiza asosida O‘zbekiston bo‘ylab topshirish punktlarini ochishga arizalar qabul qilinmoqda. “Bu minimal xavf va barqaror daromadga ega biznes hisoblanadi”, — dedi “Ozon"ning mamlakatdagi rahbari Jamshid Zohidov.
Kompaniya buyurtmalarni berish nuqtasi ochilganidan keyin tadbirkorlarga xavflarni kamaytirish uchun subsidiya ajratishni rejalashtirmoqda. Bunda ularga faoliyatining dastlabki yarim yilida 81 mln so‘mgacha kafolatlangan moliyaviy qo‘llab-quvvatlash taqdim etiladi.
Shuningdek, tadbirkorlar ularning nuqtalarida berilgan buyurtmalar aylanmasidan 3,7% miqdorida mukofot puli olishadi. Shuningdek, boshqa xizmatlar, jumladan, sotuvchilardan tovarlarni qabul qilish yoki boshqa logistika kompaniyalarining buyurtmalarini berish orqali qo‘shimcha daromad olish mumkin bo‘ladi.
Har bir buyurtmalarni berish punktining ochilishi natijasida 2−3tadan yangi ish o‘rinlari yaratilishi, ularda ishlovchio xodimlarning umumiy soni 4 ming nafardan oshishi kutilmoqda.
“Ozon” onlayn tijorat kompaniyasining O‘zbekistonda logistika markazini ochish rejalari 2023-yilning avgustida ma’lum bo‘ldi. Undan keyin marketpleys O‘zbekistonda sotuvni yo‘lga qo‘ydi.