Irkutsk viloyati gubernatori bir qator iqtisodiyot tarmoqlariga patent asosida ishlaydigan xorij fuqarolarini jalb etishga cheklovlar joriy qiluvchi farmonni imzoladi.
O‘zgarishlar 2025-yilda kuchga kiradi va mintaqa iqtisodiyotining asosiy tarmoqlariga ta’sir qiladi. Ushbu qadam chet ellik ishchilar sonini tartibga solish va mahalliy fuqarolarni ish bilan ta’minlash sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan.
Farmonga ko‘ra, xorijiy fuqarolarga quyidagi sohalarda ishlash taqiqlanadi:
- o‘rmonchilik va o‘rmon xo‘jaligi faoliyati;
- dori vositalari va veterinariya mahsulotlarini ishlab chiqarish;
- yog‘och, oziq-ovqat, alkogol va tamaki mahsulotlarining ulgurji va chakana savdosi;
- yo‘lovchi tashish, shu jumladan taksilar;
- geologik qidiruv va yer qa’rini o‘rganish;
- bolalarni parvarish qilish bo‘yicha ta’lim va xizmatlar.
Taqiqlar 2025-yil davomida amal qiladi va shahar va shahar atrofidagi aloqalarga ta’sir qiladi.
Tegishli faoliyat turlari bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar berilgan patentlarning amal qilish muddati tugagunga qadar xorijiy ishchilar sonini yangi standartlarga muvofiqlashtirishlari shart.
Xuddi shunday taqiq 15-oktabr kuni Omsk viloyati gubernatori tomonidan ham imzolangan.
hh.ru so‘roviga ko‘ra, rossiyaliklarning 80%i o‘z mintaqalarida juda ko‘p muhojirlar yashaydi, deb hisoblaydi. Yil davomida bu javobni berganlar ulushi 21 foiz punktga oshgan.
Ko‘pincha to‘rtta faoliyat yo‘nalishi bo‘yicha respondentlar shunday javob berishdi: transport va logistika (92%), avtobiznes (91%) va qurilish (85%).
Migratsiya siyosatini qattiqlashtirish
Ayni paytda Rossiya ichki migratsiya siyosatini kuchaytirmoqda. Masalan, mart oyida Rossiya Mehnat vazirligi o‘z mutaxassisligidan tashqari ishlayotgan mehnat muhojirlarini deportatsiya qilishni va ularni vaqtinchalik ishlash uchun maxsus hujjat olishga majburlashni taklif qilgan edi.
“Bundan tashqari, agar bunday xodim tashkiliy ishga qabul qilish ishtirokchisi bo‘lmagan boshqa korxonada ishlash istagini bildirsa, u 15 kun ichida Rossiya hududini tark etishi kerak”, deyiladi xabarda.
Aprel oyida Rossiya Ichki ishlar vazirligi migrantlarning yil davomida qolish muddatini 90 kungacha qisqartirishni taklif qilgan edi. Chet elliklar bo‘lish qonuniyligini elektron tasdiqlamasdan turib, ularning huquqlari cheklanishi mumkin.
Iyun oyida prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov 2016-yildan beri Rossiyadagi o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari soni to‘rt baravar kamayganini ta’kidlagan edi. U bir necha million o‘zbek fuqarolarining o‘z vataniga qaytishini “o‘tkazilayotgan iqtisodiy islohotlar samaradorligi” bilan izohlaydi.
Iyul oyida Rossiya Davlat dumasi mamlakatda bo‘lish uchun qonuniy asosga ega bo‘lmagan xorijiy fuqarolarni chiqarib yuborishning yangi tartibi to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi.
Sentabr oyida Moskva aeroportlarida 1-oktabrdan xorijliklar uchun qo‘shimcha tekshirish joriy etilishi haqida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, Domodedovo, shuningdek, Sheremetevo va Vnukovo aeroportlarida Rossiyaga kelish va jo‘nab ketishda chet elliklarni suratga va barmoq izlarini olish tartibi ishga tushiriladi.
Bundan tashqari, mehnat muhojirlariga oilalarini mamlakatga olib kelishni taqiqlovchi qonun loyihasi tayyorlanmoqda.
“Qarindoshlar va oilalarga kelsak, ular migrant kelgan mamlakatda kutishlari kerak”, dedi Rossiya Davlat Dumasi raisi Vyacheslav Volodin. “Bu yerga hammani tashishning hojati yo‘q”, deya qo‘shimcha qildi u.
Avvalroq “Spot” yil davomida mehnat bozorida raqobat sezilarli darajada oshgani haqida yozgandi.
hh.uz platformasida 400 mingdan ortiq rezyumelar faol bo‘lib, bir qator sohalarda ularning soni ikki baravar ko‘paydi.