14-oktabr kuni “Startap loyihalar va venchur moliyalashtirish ekotizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan, Raqamli startaplar dasturi amalga oshiriladi. Avgust oyida o‘tkazilgan prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash ekotizimi yaratilishi ma’lum qilingandi.
Unda 6 oydan 7 yilgacha faoliyat yurituvchi, yillik jami daromadi 10 mlrd so‘mdan oshmagan startaplar ishtirok etishlari mumkin. Shuningdek, ular inkubatsiya yoki akseleratsiya dasturini muvaffaqiyatli yakunlaganligini tasdiqlovchi hujjatga ega bo‘lishlari kerak.
Dasturda ishtirok etish startap loyihalarga ekotizim platformasidan ro‘yxatdan o‘tishni talab etadi. Bundan tashqari, ular raqamli texnologiyalarga asoslangan, yuqori o‘sish va xorijiy bozorlarga chiqish salohiyati bo‘lgan biznes modelni taqdim etishlari zarur.
Ekotizim ishtirokchilari venchur jamg‘armalar va xususiy investorlar hamda startap loyihalar uchun akseleratsiya va inkubatsiya dasturlarini tashkillashtirish xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlar hisoblanadi.
Qiymati $50 mlndan ko‘p bo‘lgan xorijiy venchur jamg‘armalardan investitsiya jalb qilgan dastur ishtirokchilariga mazkur investitsiyaga teng miqdorda mablag‘ beriladi. Biroq uning miqdori $100 ming ekvivalentidan oshmasligi kerak.
Faoliyati 5 yildan oshgan hamda kamida $100 mln investitsiya jalb qilgan loyihalarga xalqaro akseleratsiya dasturlarida ishtirok etish xarajatlari qoplab beriladi.
Inkubatsiya va akseleratsiya dasturlarini amalga oshiruvchi tadbirkorlarga mentor va trenerlarni jalb qilish xarajatlarining 50%gacha qismiga kompensatsiya beriladi. Biroq bu xarajatlarning $50 mingdan oshmagan qismiga ajratiladi.
Startap loyihalarga venchur jamg‘arma tomonidan garov ta’minotisiz 300 mln so‘mgacha qarz mablag‘lari ajratiladi. Bunda mablag‘lar asosiy stavkadan 4%lik punkt yuqori stavkada taqdim etiladi.
Shuningdek, dastur doirasida patentlash hamda intellektual faoliyat natijalari va savdo belgilarini ro‘yxatdan o‘tkazish xarajatlari qoplanadi. Startap loyihalarning ta’sischilari va mutaxassislariga ham endilikda “IT-Visa” beriladi.
Avvalroq $10 mlnga baholangan “BILLZ” startapi $500 minglik investitsiya jalb qilgani haqida xabar berilgandi. Kompaniya Ozarbayjon va Gruziya kabi 6ta mamlakat bozorlarida 3 mingdan ortiq do‘konlar bilan ishlashadi.