Avvalroq 15-oktabr kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida Toshkent viloyatini rivojlantirishga qaratilgan yig‘ilish o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.
Unda Toshkent viloyatida qishloq yerlari Andijondan 1,5 baravar ko‘pligiga qaramay, yetishtiriladigan mahsulot hajmi bir xil ekani qayd etildi. Viloyatda 1 gektardan o‘rtacha daromad Andijondan 2 karra, Namangan va Farg‘onadan 1,5 baravar, Buxorodan 1,3 baravarga kam.
So‘nggi uch yilda viloyatdagi 21 ming gektar yer dehqonchilik uchun 51 ming nafar aholiga berildi. Lekin, yil boshidan bor-yo‘g‘i $72 mlnlik meva-sabzavot eksport bo‘ldi.
Viloyatdagi samarasiz 2 200 gektar bog‘ va tokzor hisobiga yiliga $10 mln eksport yo‘qotilayotgani, suv tejovchi texnologiya bo‘yicha Toshkent viloyati eng oxirgi o‘rinlarda ekanligi ta’kidlandi.
Toshkent viloyati hokimining qishloq xo‘jaligi bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Botir Alimbekov qishloq xo‘jaligidagi imkoniyatlardan foydalanmagani, tayyor tizimni ishlata olmagani uchun lavozimidan ozod etildi.
Yig‘ilishda Ohangaron va Bo‘stonliqda 1 ming gektardan adir va tog‘ oldi yerlarida malina va golubika plantatsiyasini, Parkentda 2 ming gektar va Ohangaronda 1 ming gektarda uzum va gilos bog‘larini tashkil qilish imkoniyatlari ko‘rsatib o‘tildi.
Bunda, 5 ming aholini, ayniqsa kambag‘al oilalardan bo‘lganlarni daromadli qilish mumkin. Mutasaddilarga bir yilda 2,2 ming gektar bog‘ va tokzorni yangilash, Angrenda anor sharbatini ishlab chiqarishni boshlash, Ohangaron tumanida olxo‘rini qayta ishlash quvvatini yaratish topshirildi. Viloyatda bog‘dorchilik orqali eksportni $300 mlnga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Shuningdek, hududda prezident “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida kelasi yili 116 ming aholini kambag‘allikdan olib chiqish bo‘yicha hisob-kitoblarni ma’qullamadi.
“Bor imkoniyatlar va yaratib berilayotgan sharoitlar hisobiga viloyatda kambag‘al oila qolishining o‘zi uyat”, — dedi davlati rahbari.
Toshkent viloyati kichik biznes orqali aholini ishli qilish bo‘yicha mamlakatda eng oxirgi o‘rinlarda turibdi. Viloyat sanoatining 25%i kichik biznesga to‘g‘ri keladi. Oilalar daromadida kichik biznes ulushi 1,5%ni tashkil qiladi.
Viloyatdagi 12 ming vakant o‘rinning 2 mingtasi obodonlashtirish, gul ekish, ko‘cha supirish kabi malaka talab etilmaydigan mehnatga to‘g‘ri keladi. Lekin, ish izlab yurgan 2 ming aholini bu ishlarga jalb qilish o‘rniga, ularga har yili 4 mlrd so‘m ishsizlik nafaqasi to‘lanayotgani qayd etildi.
Faoliyatidagi kamchiliklar va sohadagi ishlar qoniqarsiz olib borilayotgani uchun viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Erkin Muxitdinov lavozimidan ozod etildi.
Yig‘ilishda “Sayxunobod”, “Zarbdor”, “Uychi”, “G‘ijduvon” tajribalari asosida kambag‘al aholini band qilish bo‘yicha mutasaddilar oldida turgan vazifalar belgilab olindi.
Shuningdek, mehnat migratsiyasi masalalari bilan tizimli ishlash, chet elda mavsumiy ishlarda ishlab qaytgan va yana ketish istagida bo‘lganlarni hamda bu yil ish topa olmagan maktab bitiruvchilarini yuqori daromadli kasblarga, xorijiy tillarga o‘qitish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Viloyatning turizm salohiyatini to‘liq ishga solish, ayniqsa Bo‘stonliq, Parkent, Ohangaron tumanlari va Angren shahrida turistik maskanlarni ko‘paytirish vazifalari belgilab olindi.
Avvalroq Toshkent viloyatida “Sanoat uchburchagi” dasturi joriy etilishi haqida xabar berilgandi.