Shveysariyaning “responsAbility Investments AG” kompaniyasi “TBC Bank Uzbekistan” uchun $10 mln miqdorida qo‘shimcha kredit liniyasi ajratdi, deya xabar berdi bank matbuot xizmati.
Ushbu moliyalashtirish “TBC UZ” kredit portfelining o‘sishini qo‘llab-quvvatlaydi, raqamli bankka moliyalashtirish bazasini yanada diversifikatsiya qilishga yordam beradi.
Shuningdek, Markaziy Osiyoning eng ko‘p aholiga ega mamlakati bo‘lgan O‘zbekistonda moliyaviy inkluzivlikni rivojlantirishga ko‘maklashadi.
Bank tomonidan investitsiya fondidan jalb qilingan mablag‘lar hajmi $35 mlnga yetdi.
“Bu davom etayotgan hamkorlik bizning biznes modelimizning mustahkamligini va O‘zbekiston raqamli banking sektoriga bo‘lgan ishonchning o‘sib borayotganini ta’kidlaydi. Biz kredit portfelimizni kengaytirish va mahsulotlarimiz tanlovini diversifikatsiya qilishni davom ettirar ekanmiz, jahon darajasidagi raqamli moliyaviy xizmatlardan foydalanish orqali O‘zbekistonda moliyaviy inkluzivlikni rivojlantirish va jismoniy shaxslar hamda biznesning imkoniyatlarini kengaytirishga sodiq qolmoqdamiz”, — dedi “TBC Uzbekistan” bosh direktori Nika Kurdiani.
“TBC Uzbekistan” va “responsAbility Investments AG” o‘rtasidagi amaldagi kelishuv uchinchi hisoblanadi. 2023-yil oxirida bank o‘zi boshqaradigan Global iqlim hamkorligi jamg‘armasi (GCPF) orqali kompaniyadan $10 mln jalb qildi.
Avgust oyida “TBC Bank Uzbekistan” Shveytsariyaning “BlueOrchard” investitsiya fondidan $25 mln qarz mablag‘larini jalb qilgandi.
Yig‘ilgan mablag‘lar O‘zbekistonda “TBC” ekotizimini yanada rivojlantirishga yo‘naltiriladi. Bu bankning kredit portfelining o‘sishiga va mamlakatda moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini oshirishga yordam berishi kerak.
Bungacha bank $38 mlndan ortiq kapital sarmoya jalb qilgani haqida xabar berilgandi.
Qo‘shimcha kapital hisobidan bank yangi mahsulotlar yaratib, mikro va kichik biznes uchun sarmoya kiritadi. Shuningdek, sun‘iy intellekt yechimlarini joriy etadi.
Avvalroq “Spot” “TBC Bank Uzbekistan"ning birinchi yarim yillikdagi foydasi 80%dan oshgani haqida yozgandi.
Joriy yilning birinchi yarmidagi sof foyda 110 mlrd so‘mni, kredit portfeli esa 5 trln so‘mni tashkil etdi.