Shavkat Mirziyoyev 16-oktabr kuni yo‘l xo‘jaligi sohasida qilingan ishlar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalarga oid taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbout xizmati xabar berdi.

Mamlakatda 2009−2016 yillarda 9 trln so‘mlik ming kilometrdan ko‘proq yo‘l qurilib, 20 ming kilometri ta’mirlangan. So‘nggi sakkiz yilda bu ko‘rsatkichlar 6 barobargacha o‘sgan. Xususan, 58 trln so‘m ajratilib, 2 ming kilometr yo‘l barpo etilgan, 100 ming kilometri ta’mirlangan.

Yangi qurilgan yo‘llarning ekspluatatsiyasi 15−20 yilni tashkil etadi. Ularning holati 42 turdagi ko‘rsatkich bo‘yicha tekshirib boriladi.

Jahon bankining grant mablag‘lari hisobidan olib kelingan texnikalar yo‘lning fizik xossalarini baholash hamda yer ostidan o‘tgan kommunikatsiya tarmoqlari holatini qoplamani buzmagan holda tekshirish imkonini beradi.

BMT tahliliga ko‘ra, sifatli yo‘llar O‘zbekiston iqtisodiyotining kamida 2% o‘sishiga turtki beradi. Bugungi kunda xalqaro moliya tashkilotlari bilan 729 km yo‘lni rekonstruksiya qilish bo‘yicha 6ta loyiha amalga oshirilmoqda.

Yaqin kunlarda “Qo‘ng‘irot-Beynau” yo‘nalishidagi 240 km yo‘l foydalanishga topshirilishi kutilmoqda. Shuningdek, Guliston-Andijon, Dushanbe-Termiz, Buxoro-Turkmanboshi, Urganch-Hazorasp yo‘llarining muayyan qismlari qayta quriladi.

Hududlardagi jami 260 km yo‘llarning ekspluatatsiyasi autsorsing asosida tadbirkorlarga berildi. Osiyo taraqqiyot banki loyihasi doirasida 841 km yo‘l qurilishida birinchi marta to‘liq mahalliy pudratchilar qatnashishiga kelishildi.

Toshkent-Samarqand va Toshkent-Andijon oralig‘idagi pulli yo‘l loyihalarini tezlashtirish, ularni qatnov darajasi yuqori bo‘lgan uchastkalarda qurish zarurligi qayd etildi.

Shundan kelib chiqib, bunday hollarda muqobil bepul yo‘l mavjud bo‘lishi alohida qonun bilan belgilanadi.

Shuningdek, prezident uch yillik dasturini ishlab chiqib, uning doirasida 4 700 ta ko‘prikni bosqichma-bosqich ta’mirlash vazifasini qo‘ydi.

Qariyb 4 ming km xalqaro avtomagistrallarda 70ta servis majmuasi barpo etiladi. Yo‘l va suv tarmoqlari kabi infratuzilmaviy loyihalarda xalqaro moliya institutlari bilan yaqindan ishlash, xorijiy konsultantlarni jalb etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

O‘zbekistonda pulli yo‘l

Avgust oyi oxirida qabul qilingan prezident qarori bilan DXSh loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha ishlar belgilandi. Xususan, Toshkent-Samarqand yo‘li qurilishini 2024-yilda, Toshkent-Andijon yo‘li 2026-yilda boshlash nazarda tutilgan.

Joriy yilning oktabrigacha Toshkent va Andijon o‘rtasidagi pulli avtomobil yo‘lining loyiha konsepsiyasini ishlab chiqish va tadiqlash, kelasi yilning martigacha esa tenderning birinchi bosqichi o‘tkazilishi kerak. Tanlovning ikkinchi bosqichi 2025-yilning oktabrida o‘tkaziladi, g‘oliblar 2026-yilning aprelida e’lon qilinib, DXSh bitimi tuziladi. Qarorda yo‘l uzunligi 303 km.ni tashkil etishi keltirilgan.

Avvalroq Bektemirdan Chorvoqqa boruvchi yo‘lning bir qismini pullik qilish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi. Biroq, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Jamshid Tursunovning fikricha, bunda muqobillik ta’minlanishi shart.