O‘zbekiston Fintex assotsiatsiyasi Turkiy davlatlarning fintex xizmatlari o‘rtasidagi hamkorlikning yagona platformasiga qo‘shildi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati xabar berdi.
Platforma Turkiy davlatlar fintex alyansi homiyligida ishlaydi. O‘tgan haftada Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Turkiya fintex xizmatlari tashkilotlari Istanbulda uni ta’sis etish to‘g‘risidagi kelishuvni imzolagandi.
Alyansga Turkiya to‘lov va elektron pul institutlari uyushmasi (TÖDEB) raislik qiladi. Ishtirokchilar moliyaviy texnologiyalarning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha kooperatsiyani chuqurlashtirish ustida ishlashadi.
Yo‘nalishlardan biri fintex sanoati uchun yagona tartibga solish muhitini yaratish bo‘yicha hamkorlik bo‘ladi. Bu transchegaraviy operatsiyalar o‘tkazishni soddalashtirishi va ishtirokchi mamlakatlardagi kompaniyalar uchun to‘siqlarni kamaytirishi kutilmoqda.
Shuningdek, tashkilot ishtirokchilari moliyaviy texnologiyalar sohasida innovatsiyalar va yutuqlar almashinuvini tashkil etadilar. Blokcheyn texnologiyalari va sun’iy intellektdan foydalangan holda raqamli to‘lov yechimlariga e’tibor qaratiladi.
Bundan tashqari, qo‘shma inkubatorlar va finteч startaplari uchun yordam dasturlari yo‘lga qo‘yiladi. Yana bir yo‘nalish — transchegaraviy to‘lovlarni qo‘llab-quvvatlash va kam xizmat ko‘rsatiladigan guruhlarga alohida e’tibor qaratgan holda moliyaviy xizmatlardan foydalanishni kengaytirish.
“Biz hatto eng kichik bo‘shliqlarda ham o‘zazo ittifoq tuzishimiz kerak. Turkiy davlatlarning fintex-kooperatsiyasi platformasi buning uchun imkoniyatlardan biridir”, — deya qayd etdi Turkiya prezidenti huzuridagi Moliya boshqarmasi rahbari Goksel Asan.
TÖDEB direktorlar kengashi rahbari Ufuk Bilgeteken platformani “raqamli Ipak yo‘li"ni yaratish yo‘lidagi qadam deb atadi. Uning yordamida turkiy davlatlar ham o‘zaro savdo hajmini oshirishi, ham jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvi mumkin bo‘ladi.
Avvalroq “Uzum” 2027-yilgacha Nasdaq yoki London fond birjasiga chiqishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.