Janubiy Koreya O‘zbekistonda chiqindilarni qayta ishlash zavodi qurishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Ekologiya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

7−11 oktabr kunlari Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri o‘rinbosari Iskandar Qutbiddinov Seul shahrida qator mahalliy kompaniyalar, jumladan, Janubiy Koreya Eksport-import banki bilan chiqindilarni qayta ishlash sohasida hamkorlik qilish yuzasidan muzokaralar o‘tkazdi.

Xususan, Atrof-muhitni muhofaza qilish vazirligi rahbari o‘rinbosari Atrof-muhitni muhofaza qilish vazirligi huzuridagi Koreya Ekologik korporatsiyasi (K-eco) raisi bilan ekologik xavfsizlikni ta’minlash sohasida o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish va tajriba almashish bo‘yicha kelishib oldi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar Jizzax viloyatida chiqindilarni qayta ishlash zavodini qurish uchun umumiy qiymati $6,2 mlnlik to‘rt yillik grant shartnomasini imzoladilar.

Loyiha doirasida poligonni rekultivatsiya qilish, 300 ming kub metr chiqindini bir joyga to‘plash, tuproq bilan qoplash hamda chiqindixona gazini yig‘ish va piroliz usuli orqali yoqish, elektr energiya ishlab chiqarish uskunalarini (elektrogenerator) o‘rnatish belgilangan.

O‘zbekistonda chiqindilarni qayta ishlash

Fevral oyida Ekologiya vazirligi rahbari Aziz Abduhakimov atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha takliflarni taqdim etdi. Poligonlar yaqinidagi bufer hududlarda maxsus iqtisodiy zonalar tashkil etish, chiqindilardan energiya va o‘g‘itlar ishlab chiqarishni tashkil etish rejalashtirilgan.

Tajribali loyiha Andijon viloyatida amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Bu yerda $13 mln evaziga chiqindilardan 2 mln kVt/soatgacha elektr energiyasi ishlab chiqaradigan elektr stansiyasi hamda yiliga 100 ming tonna organik o‘g‘itlar ishlab chiqaruvchi zavod qurish rejalashtirilgan.

Mart oyida prezident chiqindilarni yig‘ish va qayta ishlashning yangi tizimi joriy etilishini ma’lum qildi. Har bir hududda chiqindilarni qayta ishlash yo‘lga qo‘yiladigan 3−4 ta poligon negizida “ekologik sanoat zonalari” tashkil etish rejalashtirilgan.

Iyul oyida prezidentning “Tibbiyot chiqindilaridan muqobil issiqlik energiyasi ishlab chiqarish” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, “Sayar LLC” kompaniyasi (Investor) tomonidan “Tibbiyot chiqindilaridan muqobil issiqlik energiyasi ishlab chiqarish” investitsiya loyihasi doirasida “Sayar green” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi xorijiy korxona (loyiha kompaniyasi) ta’sis etilgan.

Bunda 1-avgustdan boshlab loyiha Toshkent, Samarqand va Buxoroda boshlanishi kerak edi, keyinroq boshqa viloyatlarga ham yoyish rejalashtirilgan.

Sentabr oyida Andijon viloyati hokimligi “Jin Ming” kompaniyasi bilan chiqindilarni qayta ishlash zavodi qurish bo‘yicha memorandum imzolagan edi. Loyihaning taxminiy qiymati $250 mlnga baholanmoqda.

Bundan tashqari, Xitoyning “China Everbright Environment” kompaniyasi O‘zbekistonda bir nechta chiqindi yoqish zavodlarini qurish niyatida. Birinchi bosqichda — Farg‘ona va Namangan viloyatlarida ikkita zavod.


Avvalroq “Spot” 2026-yildan boshlab chiqindi tashuvchi mashinalarga GPS tizimi o‘rnatilishi haqida yozgandi.

Shuningdek, chiqindilarni olib chiqish bo‘yicha tenderlar ochiq o‘tkazilib, shikoyatlarni qabul qilish uchun call-markaz tashkil etiladi.