Yaponiyaning Osiyo-Tinch okeani universiteti (APU) Osiyo taraqqiyot banki (OTB) stipendiya dasturiga arizalar qabul qilmoqda.

Unda bankning a’zolik ro‘yxatiga kiruvchi mamlakatlardan bo‘lgan nomzodlar magistratura darajasi uchun ishtirok etishlari mumkin. O‘zbekiston bu ro‘yxatda mavjud.

Grantga ariza topshirishdan oldin APUga hujjat topshirish talab etiladi. Undan keyin oliygoh belgilangan talablarga javob beruvchi nomzodlarni stipendiyaga tavsiya etadi.

Nomzodlar kamida ikki yillik ish tajribasiga, ingliz tilidan og‘izaki va yozma ko‘nikmalarga ega hamda 35 yoshdan oshmagan bo‘lishlari kerak.

Shuningdek, ulardan boshqa magistratura dasturiga qabul qilinmagan bo‘lish yoki ikkinchi magistrlik darajasiga ega bo‘lmaslik talab qilinadi.

Qabul qilingan talabalar loyihadan keyin vataniga qaytishi zarur. Arizachining oilaviy daromadi yiliga $50 mingdan, shaxsiy daromadi esa, $25 mingdan oshmasligi kerak. Ulardan daromadlariga oid ma’lumotlar talab qilinadi.

Kerakli hujjatlar:

  • ADB-JSP ariza shakli (bu yer);
  • ilmiy tezis yoki tadqiqot yutuqlari haqida ro‘yxat;
  • ikki yillik ish stajini ko‘rsatuvchi ish joyi to‘g‘risidagi guvohnoma;
  • daromad solig‘i deklaratsiyasi yoki vasiyning oylik yoki yillik daromadini tasdiqlovchi hujjat;
  • oilaviy daromadni tasdiqlovchi hujjat.

Qabul qilingan talabalar kirish va to‘liq o‘qish to‘lovlaridan ozod etiladi. O‘quv materiallari va tadqiqotlar uchun mablag‘ ajratilib, tibbiy sug‘urta va borish-qaytish aviachipta xarajatlari qoplab beriladi.

Bundan tashqari, yashash xarajatlari uchun oyiga 144 ming yen ($960) miqdoridagi stipendiya beriladi. Bu miqdor o‘zgarishi mumkin. Grant muddati — 2 yil.

Stipendiya talabaga birinchi yil uchun taqdim etiladi. Uni ikkinchi yilda ham davom ettirish talabaning akademik natijalari asosida amalga oshiriladi.

Arizalarni 2025-yilning 10-yanvarigacha havola orqali jo‘natish mumkin. Batafsil ma’lumot bu yerda.

Foydali havolalar:


Avvalroq AQShning Boston universiteti grant dasturiga arizalar qabul qilayotgani haqida xabar berilgandi. Unda o‘zbekistonliklar ham bakalavr darajasi uchun ishtirok etishlari mumkin. Qabul qilinganlar o‘qish to‘lovidan ozod etiladi.