14-oktabr kuni sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risidagi prezident qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan, SI texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha keyingi besh yilda erishish lozim bo‘lgan maqsadli ko‘rsatkichlar tasdiqlandi.
Sun’iy intellekt asosida yaratilgan dasturiy mahsulotlar va ko‘rsatiladigan xizmatlar hajmini $1,5 mlrdga yetkazish belgilanmoqda.
Yagona portal (my.gov.uz) da sun’iy intellekt asosida ko‘rsatilayotgan xizmatlar ulushi 10%ga yetkaziladi. Mazkur yo‘nalishda faoliyat yurituvchi ilmiy laboratoriyalar sonini 10 taga oshirilib, yuqori quvvatli hisoblash serverlari ishga tushiriladi.
Strategiyada hukumatning sun’iy intellektga tayyorlik indeksida (“Government AI Readiness Index”) O‘zbekistonni birinchi 50ta o‘rindagi davlatlar qatoriga kirishiga erishish belgilandi.
Shuningdek, 2025-yilning 1-sentabrigacha qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiq barcha axborot xavfsizligi choralarini ko‘rgan holda “katta ma’lumotlar” bazasi yaratiladi. Bunda loyihalar va ilmiy-amaliy tadqiqotlarni zarur ma’lumotlar bilan ta’minlash maqsad qilinmoqda.
2026-yilning 1-mayigacha SI texnologiyalarini joriy etish loyihalari doirasida ma’lumotlarni qayta ishlash uchun mo‘ljallangan hisoblash quvvatlari ishga tushiriladi.
Joriy yilning avgust oyida Shavkat Mirziyoyev sun’iy intellekt va IT-sohasidagi startap loyihalarni rivojlantirishga qaratilgan taqdimot bilan tanishgandi. Unda prezident sun’iy intellektni joriy etish strategiyasi va ikki yillik loyihalar dasturini ishlab chiqishni topshirdi.
Mamlakatdagi barcha sohada sun’iy intellekt texnologiyalari joriy qilinadi. Shuningdek, “IT Park"da sun’iy intellekt markazi ochiladi.
Avvalroq sun’iy intellektga asoslangan ta’lim platformasida pedagoglar bilimini sinovdan o‘tkazish joriy etilishi haqida xabar berilgandi.