Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev viloyatni rivojlantirish bo‘yicha qator tashabbuslar bilan chiqdi, deya xabar berdi viloyat hokimligi matbuot xizmati.

16-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan “Hokimlik soati” yig‘ilishida Shavkat Mirziyoyevning viloyatga ikki kunlik safari chog‘ida bergan topshiriqlari ijrosi muhokama qilindi. Mirzayev aholiga xizmat ko‘rsatishni yaxshilash bo‘yicha qator topshiriqlar berdi.

Xususan, 1000ta yangi yo‘lovchi avtobusi xarid qilish buyurildi. Ulardan Nurafshonni viloyatning boshqa shahar va tumanlari bilan bog‘lovchi yo‘nalishlarda foydalaniladi.

Nurafshon ma’muriy markaz sifatida yangi yo‘nalishlar uchun logistika markaziga aylanishi kerakligi ta’kidlandi. Viloyat transport boshqarmasi marshrutlarni rejalashtirishda fuqarolarning murojaatlarini o‘rganishi kerak.

Shuningdek, mehnat migratsiyasi va kambag‘allikni qisqartirish bilan ishlash ustuvor vazifalardan biri bo‘ldi. Mirzayev mas’ullarni “qog‘oz hisobotlar” ortidan haqiqiy natijalarni unutmaslikka chaqirdi.

Endilikda, har bir shahar va tumannig hokimi kuniga kamida 20 nafar mehnat migranti bilan onlayn muloqot qilish tartibi yo‘lga qo‘yiladi.

Xorijda migratsiyada yurgan xotin-qizlarni qaytarish bo‘yicha viloyat hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Zuhra Mirgaziyeva rahbarligida maxsus shtab tashkil qilinadi.

Bu shtab a’zolari har bir xotin-qiz bilan shaxsan suhbatlashadi, mehnat sharoitlari, ijtimoiy-huquqiy muammolarini o‘rganadi va ularing xohishlariga ko‘ra, O‘zbekistonga qaytarish, iqtisod kompleksi orqali ishga joylashtirish chorasi ko‘riladi.


Avvalroq “Spot” Toshkentda jamoat transporti bosqichma-bosqich elektr va gazga o‘tkazilishi haqida yozgandi.

Yo‘lovchilar va yo‘nalishli taksilarning xavfsiz va to‘siqsiz harakatlanishini hisobga olgan holda bekatlar rekonstruksiya qilinadi.