16-oktabr kuni O‘zbekistonda “BYD” kompaniyasining “Yuan UP” krossoveri sotuvi boshlandi.

Elektromobil CTB texnologiyasiga ega e-platforma 3.0 asosida yaratilgan u bir marta quvvatlanishda 401 kmgacha masofani bosib o‘ta oladi.

Ushbu modelda 100 kmga elektr energiyasi sarfi 12 kVt/soatni tashkil qiladi. U 0 dan 100 km/s tezlikka 7,9 soniyada chiqa oladi.

Avtomobilning to‘liq komplektatsiya narxi — 266,7 mln so‘mni tashkil qiladi.

Ta’kidlanishicha, “BYD Yuan Up” 4ta haydash rejimiga ega — Eco, Sport, Normal va Snow.

Avgust oyida O‘zbekistonda “BYD E2 Luxe” elektromobilining rasmiy sotuvi boshlandi. Xetchbek narxi 236,6 mln so‘mdan (yoki Markaziy bank kursi bo‘yicha $18,71 ming) boshlanadi.

Undan keyin, sentabr oyida boshida “BYD Seagull” elektromobili sotuvga chiqdi. To‘liq quvvatda 405 km masofani bosib o‘tuvchi “BYD Seagull"ning “Flying” komplektatsiyasi narxi 208,3 mln so‘mni ($16,4 ming) tashkil etadi.

Joriy yilning iyul oyida “BYD” O‘zbekistonda “E2”, “Seagull” va “Yuan” modellarini ishlab chiqarishni rejalashtirayotgani ma’lum bo‘ldi. “BYD Uzbekistan Factory” bosh direktori Shafqatbek Alimov mahalliylashtirish natijasida ishlab chiqarilgan avtomobillar import qilinganiga nisbatan arzonroq bo‘lishini ta’kidladi.

Prezident bilan uchrashuvda “O‘zavtosanoat” boshqaruvi raisi Ulug‘bek Ro‘ziqulov O‘zbekistonda V, S va budjet avtomobillari segmentidagi avtomobillar ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuvlar haqida qayd etdi.

Iyul oyida “BYD Uzbekistan Factory” xitoylik hamkorlar bilan yangi modellarni chiqarishga kelishib oldi. Qo‘shma korxona o‘z hamkorlaridan “BYD Seagull” va “E2” avtomobillarining birinchi namunalarini sinov uchun olib, sertifikat sinovlarini o‘tkazish maqsadida “UzTest"ga topshirdi.


Avvalroq “Spot” “BYD” 100 mingga yaqin elektromobilini chaqirib olishi haqida yozgandi. Qayd etilishicha, qaytarib olishga ishlab chiqarish jarayonidagi nuqsonlarning yong‘inga olib kelishi mumkinligi sabab bo‘lgan.