Har qanday biznes loyihalar va turli brendlarning o‘z tarixi bor. Bugungi kungacha bosib o‘tgan yo‘li, loyihadagi keskin burilishlar hamda muvaffaqiyatli qadamlar ko‘pchilik uchun qiziq bo‘lishi tabiiy.
“Chupa Chups” — butun dunyoga mashhur shirinliklardan biri. 1950-yilda Enrik Bernat tomonidan asos solingan ispan kompaniyasi 150 mamlakatga mahsulotlarini yetkazib beradi.
Qiziqarli tomoni shundaki, “Coca-Cola”, “Nike”, “Apple” yoki “Lego” kabi mashhur brendlar qatori “Chupa Chups” ham XXI asrning yangi davrlariga moslashish uchun logotipini deyarli o‘zgartirmagan sanoqli brendlardan hisoblanadi.
“Spot” bu safar “Chupa Chups"ning yaratilishi va muvaffaqiyat tarixiga nazar tashlaydi. Maqolada kompaniyaning bugungi kungacha qanday shakllangani hamda uning kengayish jarayonlari haqida so‘z boradi.
Radiodagi tasodif: Chupa Chupsning paydo bo‘lishi
Yoshlikdan sevib iste’mol qilinadigan bu shirinlik tarixi 1950-yilda Jozef Bernatning nabirasi Enrik Bernat oilaviy biznesni davom ettirishga qaror qilishidan boshlandi. Enrik 26 yoshida Barselonadagi qandolatchi qiz Nuriya Serra bilan birgalikda “Productos Bernat” kompaniyasiga asos soladi. Aynan mana shu burilish, butun dunyo shirinlik olamida katta o‘zgarishlarga turtki bo‘ldi.
Kompaniya raqobatchilaridan bir qadam oldinda yurish, sotuvni yaxshilash ilinjida 1958-yilda ispaniyaliklar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazishni boshladi. Natijada, iste’molchilarning 67%ini ota-onasi shirinlikni og‘izdan olib qo‘yganda qo‘llari shira bo‘ladigan 16 yoshdan kichik bolalar tashkil etishi ma’lum bo‘lgan.
Ota-onalarga shirinlikdan so‘ng farzandlarining qo‘llari shira bo‘lishi yoqmagan. Shuning uchun, kattalar bolalarining xohishiga qaramay shirinlikni kamroq sotib olishga harakat qilishgan. Bernat bu muommoni hal qilish uchun yangi shirinlikni yaratishda birinchi navbatda ota-onalarning xohish va istaklarini birinchi o‘ringa qo‘yishga qaror qiladi.
Foto: Historia.National geographic
Ayrim manbalarda Bernat bu shirinikni yaratishiga onasidan yoshligida shirinlik iste’mol qilishi va qo‘llarinining ifloslanishi sabab ko‘p gap eshitgani ham sabab bo‘lgani aytiladi.
Shu tariqa Bernat shirinlikdan so‘ng qo‘llar toza qolishi uchun yechim topdi: shirinlik va barmoqlar o‘rtasida o‘rtacha bo‘sh joy kerak, ana shunda maqsadga erishiladi — qo‘llar toza qoladi. Yangilik xaridorlarga shunchalik yoqqanki, uni ommaviy ishlab chiqarishga qaror qilingan.
Bernat futbol muxlisi bo‘lgan va mahsulotga birinchi “Gol” nomini tanlagan, dastavval, konfet futbol to‘pi kabi dumaloq shaklda bo‘lgan. Ko‘p o‘tmay, u arzonroq ishlab chiqariladigan va bolalar uchun xavfsizroq bo‘lgan yog‘och tayoqcha bilan mukammal ko‘rinishga ega bo‘ldi. Shundan so‘ng “Gol” nomi “Chups” ga o‘zgardi (ispancha “chupar” fe’li — so‘rish, shimish ma’nosini anglatadi).
1958-yilda konfetlar “Chups” nomi bilan sotuvga chiqarildi. Biroq, birinchi reklama kampaniyasi paytida radio eshittiruvchilar tasodifan nomni ikki marotaba takrorlaydilar: “Chuppa… Chups”! Shundan so‘ng bu nom odamlar orasida tez ommalashadi. 1961-yilga kelib kompaniya ushbu tendensiyaga moslashdi va rasmiy ravishda nomini “Chupa Chups” ga o‘zgartiradi.
Birinchi bo‘lib yetti — qovun, apelsin, kremli qovun, vanil bilan shokolad, kremli kofe va maydalangan qahva ta’mini beruvchi turi sotuvga chiqarilgan.
Konfet qisqa muddatda shu qadar mashhurlikka erishdiki, Bernat kompaniyaning barcha huquqlarini qo‘lga kiritganidan so‘ng qolgan 200ta shirinlik turini tugatib, brend butun faoliyatini faqat “Chupa Chups"ga qaratadi. Tovarlarini oddiy javonlarga qo‘ygan raqobatchilardan farqli o‘laroq, Bernat do‘konlarda maxsus shirinlik ustunlari o‘rnatib maxsulotlarini sota boshladi. Bu balandlik kichkina bolalarning ko‘zlari balandligida bo‘lib, bu uning asosiy strategiyalaridan biri hisoblangan.
Foto: Historia.National geographic
Narxiga e’tibor qaratidan bo‘lsak, o‘sha zamondanoq shirinlik bir pesetaga tushardi, bu o‘sha payt uchun qimmat hisoblangan. Buning asosiy sababi, brend o‘zini qimmat mahsulot sifatida ko‘rsatish strategiyasini tanlagani va har doim o‘zining tengdoshlariga qaraganda narxida ustun bo‘lishni istagani bilan baholangan.
Shunga qaramasdan, shirinliklar juda mashhur bo‘lib, sotuvi kuniga taxminan 200 ming donaga yetib bordi. Brendga tegishli maxsus yuk mashinalari shirinliklarni kioska, shirinlik do‘konlari, supermarket, barlarga olib borardi. 1964-yilga kelib, distribyutorlik tarmog‘i butun Ispaniya bo‘ylab 300 mingdan ortiq savdo nuqtalarini tashkil etdi.
1980-yillarning boshida brend chekishga qarshi kurashda ishtirok etdi va “Chupa Chups” shiori ostida kuchli nikotinga qarshi kampaniyani boshladi. Hozirga qadar kompaniya chekishga qarshi harakatda qatnashadi, ularning shiori: “Chekishni tashla, so‘rishni boshla”.
Katta yoshdagi xaridorlar uchun brend sigaret qutisiga o‘xshash maxsus paket ishlab chiqdi va chekishning zararliligi to‘g‘risidagi ogohlantirish o‘rniga: “So‘rish o‘ldirmaydi!”, degan so‘zlarni yozib qo‘ydi.
Salvador Dali va rebrending
Eng muhim voqea shirinlikning xalqaro bozorga chiqishi oldidan sodir bo‘ldi. Enrik Bernat Ispaniya bozoridan tashqariga chiqmoqchi bo‘lsa, mahsulot sifatli va o‘z dizayniga ega bo‘lishi kerakligini yaxshi bilardi. 1969-yilda u Jironaga borib, o‘z davrining nufuzli xalqaro shaxslardan biri bo‘lgan Salvador Daliga “Chupa Chups"ning logotipni chizib berishini so‘raydi.
Unga oddiy lekin murakkab vazifa yuklangandi: kelajakdagi biznes maqsadlariga erishish uchun muvaffaqiyatli logotip yaratish.
Salvador Daliga mashhur mahsulotning logotipini yaratilishi uchun bir soatdan kam vaqt kerak bo‘lgan. Lekin ayrim manbalarda rassom soatlab chizgani qayd etilgan. Shunga qaramay, Dalining g‘oyasi juda sodda, lekin omadli bo‘lib chiqdi va 1988-yilda logotipning rebrendingi amalga oshirildi.
Ajralib turuvchi jihat sifatida sariq fon ustida qizil rang, mahsulot nomi gul shakli bilan kelishi, logotipni qadoqning yuqori qismiga joylashtirish bo‘ldi (ilgari yon tomonda joylashgan).
Foto: vc.ru
Daliga nima sababdan brendning ustida bosh qotirgani haqida so‘rashganda, u hech ikkilanmasdan: “Pul uchun”, deb javob bergan. Shu sababdan unga Avida Dollars laqabini qo‘llashgan bu “pulga intiluvchi”, degan ma’noni anglatadi.
Chupa Chupsning ommalashishi
60-yillarning oxirida shirinlik mamlakat tashqarisida paydo bo‘la boshlaydi. Fransiyaliklar ispanlardan keyin birinchi bo‘lib bu konfetni tatib ko‘rishgan. Fransiyada 1969-yilda “Chupa Chups” ishlab chiqaruvchisining xorijiy sho‘ba kompaniyasi ochilib, yana bir shirinlik zavodi paydo bo‘ldi. Biroq bu kutilgandek natija bermadi, sotuvning 90%i Ispaniya bozoriga, 10%i Ispaniya tashqariga to‘g‘ri keldi. Kompaniya iste’molchilarini kengaytirish maqsadida, 1970-yillarda Fransiyadan tashqari, Italiya va Portugaliyada ham o‘z filallarini ocha boshladi.
Aynan shu yili shirinlikka ishlatiladigan yog‘och tayoqni plastik tayoq bilan almashtirishdi. Chunki bu xavfsizroq, toza va ishlab chiqaruvchiga ko‘proq foyda keltiradi, degan qarorga kelingan.
Yangi bozorlarni ochish va o‘sib borayotgan mashhurlik brendga rekord sotuvga erishishga yordam berdi. 1979-yilda taxminan 10 mlrd dona konfet sotilgan. To‘qqiz yil o‘tgach, kompaniya bu raqamlarni ikki baravar oshirdi. “Chupa Chups” tashkil etilganidan beri butun dunyo bo‘ylab 20 mlrd dona shirinlik sotib olingan.
1990-yilda kompaniya kattalar uchun konfet ishlab chiqarishni boshladi. Iste’molchilarni sinchkovlik bilan o‘rganish natijasida korxona yoshi katta kishilar yangi ta’mni afzal ko‘rishadi, degan xulosaga kelib, shakarsiz Smint mini-konfetlari ishlab chiqarishni boshladi. Kompaniya sotilgan har bir Smint qadog‘idan ko‘krak saratoni bilan kasallangan bemorlar uchun fondga ulush ajratildi.
1991-yilda “Chupa Chups” Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida ofis ochib, kichik qandolat do‘konidan yirik korporatsiyaga aylandi.
1995-yilda Chupa Chups kosmosga uchgan birinchi shirinlik bo‘ldi. Rossiya kosmonavtlari “Mir” stansiyasidan turib yerdan konfet yuborishni so‘rab murojaat qilishadi. Bundan tashkilot reklama sifatda foydalanadi va bu kompaniyaga nafaqat yerda, balki kosmosda ham mashhur bo‘lgan dunyodagi yagona konfet nomiga erishishga yordam beradi.
2006-yilda Bernat kompaniyasining brendini qandolatchilik mahsulotlari, saqchlar ishlab chiqaruvchi italyan-niderlandiya konserni “Perfetti Van Melle"ga sotdi. Bitim summasi €400 mlnni tashkil etdi. O‘sha paytga kelib kompaniya “Mentos” va “Fruittella” kabi brendlarga egalik qilgan.
Yangi rahbarlik ostida “Chupa Chups” o‘ziga xos “Chupa Chuck” timsoliga ega bo‘ldi.
Foto: vc.ru
XX asrning oxirida kompaniya taxminan 40 mlrd dona shirinlik sotuvini nishonladi. Bundan tashqari, konfet bolalar auditoriyasidan tashqariga ham chiqdi. Madonna, Maykl Jekson, Jorj Kluni kabi mashhur shaxslar “Chupa Chups” bilan omma oldida paydo bo‘lishgani konfetlarni yanada ommalashishiga xizmat qilgan.
Bolalar shirinliklariga keladigan bo‘lsak, kompaniya bu bilan bilan to‘xtamadi. 2015-yildan boshlab kompaniya egasi yangi g‘oyalar uchun har yili taxminan €4 mln sarmoya kiritdi. Shu vaqt ichida — chilimli konfetlar, tilni turli ranglarga bo‘yaydigan lazzatli shirinliklar va og‘izda shovqin chiqaradigan turlari paydo bo‘ldi.
Kompaniyaning 2019-yildagi daromadi €95 mlnni tashkil etdi.