Toshkent shahri va Samarqand viloyatida 4,8 mlrd so‘mlik energiya resurslaritalon-toroj qilingani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament matbuot xizmati xabar berdi.
Departamentning Yunusobod tumani bo‘limi tomonidan “Hududgaz Poytaxt” gaz ta’minoti filiali xodimlari bilan hamkorlikda tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.
Unda aniqlanishicha, “B.” MCHJ rahbari T.A. va boshqalar MCHJga qarashli avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchasida o‘rnatilgan gaz hisoblagichga tashqi ta’sir o‘tkazgan.
Buning natijasida jami 1,5 mln kub metr tabiiy gazni o‘g‘irlanib, davlat va jamiyat manfaatlariga 2,7 mlrd so‘m zarar yetkazilgan.
Shu kabi, Departamentning Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan “O‘zenergoinspeksiya” hududiy boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda tergovga qadar tekshiruv o‘tkazildi.
Tekshiruvda “M.G.” MCHJ rahbari S.R. Pastdarg‘om tumanidagi avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchasida o‘rnatilgan elektr hisoblagichning ulanish sxemasini o‘zgartirgani aniqlangan.
Buning natijasida jami 2,1 mlrd so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq “Spot” Namanganda qariyb 319 mln so‘mlik tabiiy gaz talon-toroj qilingani haqida yozgandi.
Xususan, fuqarolar nonvoyxonalarning gaz qurilmalarini tarmoqqa o‘zboshimchalik bilan ulab, tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganliklari aniqlandi.