16-oktabr kuni qabul qilingan Toshkent shahar hokimi qarori bilan poytaxtda transport vositalarining pulli to‘xtab turish joylarini tashkil etish tartibi tasdiqlandi.
Xususan, hujjat bilan Toshkentda avtomobillarning pulli “parkovka"lardan foydalanganlik uchun to‘lovlar miqdorlari belgilandi. Unga ko‘ra, yig‘im miqdori tarif zonasidan (1−5) kelib chiqib, soatiga 5 ming so‘mdan 12 ming so‘mgachani tashkil etadi.
Quyidagi jadvalda tarif zonalari asosida to‘lovlar miqdori keltirilgan:
Tarif zonasi nomi | Yig‘im miqdori 1 soat uchun, so‘mda |
1-tarif zonasi | 12 ming |
2-tarif zonasi | 10 ming |
3-tarif zonasi | 8 ming |
4-tarif zonasi | 6 ming |
5-tarif zonasi | 5 ming |
Bunda, tarif zonalari chegaralari poytaxt hokimligining 2023-yiilning mart oyidagi qarori bilan belgilangan. Shu bilan birga, to‘lovlar miqdori Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan cheklangan miqdorlardan yuqori bo‘lmasligi kerak.
“Toshkent Invest” kompaniyasiga 2025-yilgacha “Pulli to‘xtab turish joylari” yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimini foydalanishga topshirish va unga pulli “parkovka"lar uskunalarini ulashga tayyorligini ta’minlash topshirildi.
Yer egasi bu yer uchastkasida joylashgan mulkiy majmuaga bo‘lgan ijara huquqini elektron onlayn-auksion savdolari orqali belgilaydi. Parkingdan foydalanganlik uchun to‘lovlar ishga tushirilgan kundan boshlab amalga oshiriladi hamda naqd pul yoki naqdsiz shaklda qabul qilinadi.
Quyidagi toifaga kiruvchi transport vositalaridan to‘lov undirilmaydi:
- favqulodda vaziyatlar va maxsus xizmatlar faoliyatini amalga oshirish uchun foydalaniladigan jigarrang, qizil yoki ko‘k-qizil miltillovchi chiroq va maxsus ovozli signallar bilan jihozlangan avtomobillar;
- old va orqa oynalarida “7.17” yo‘l belgisi tasviri tushirilgan I yoki II guruh nogironligi bo‘lgan avtomobillar (jumladan, nogironlar uchun mo‘ljallangan maxsus transport vositalari);
- II Jahon urushi qatnashchisining avtomobili;
- davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmaydigan ikki g‘ildirakli transport vositalari.
Savdo korxonalari, xizmat ko‘rsatish, tibbiyot, sport va madaniy-ko‘ngilochar muassasalar yonidan kamida 5% joy imtiyozga ega shaxslar avtomobillarini bepul joylashtirish uchun ajratiladi. Bu bir dona joydan kam bo‘lmasligi kerak.
Parkingda quyidagilar taqiqlanadi:
- joylarni zaxiralash va avtoulovlarni to‘xtash joylarida joylashtirishga boshqa to‘siqlarni yaratish;
- boshqa turdagi avtomobilni, agar bu tegishli yo‘l belgilari va ularda nazarda tutilgan bo‘lsa, ma’lum turdagi avtomobillar uchun mo‘ljallangan to‘xtash joyiga joylashtirish;
- avtomobilni “parkovka” chegaralarini buzgan holda joylashtirish;
- avtomobil raqamini ko‘rish imkoniyatini cheklaydigan, anglashga to‘sqinlik qiladigan, talablarni buzgan holda o‘rnatilgan yoki davlat raqamisiz qoldirish.
Ushbu qaror e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
2022-yilning noyabr oyida Toshkentning 10 ta markaziy ko‘chasida 2251 ta pullik to‘xtash joylari tashkil etilishi hamda chegara rejasiga oid ma’lumotlar taqdim etilgandi.
Yil yakuniga kelib, poytaxt hokimligi avtomatlashtirilgan to‘xtash joylarini tashkil etish bo‘yicha qarorni qabul qildi. Loyiha markaziy ya’ni Glinka, Bratislava, Mirobod, Avliyo ota, Taras Shevchenko, Said Baraka, Moshtabib, Fidokor, Sodiq Azimov va Yakub Kolas ko‘chalarida DXSh asosida tajriba sinov tariqasida yo‘lga qo‘yilishi belgilangandi.
Hujjatda loyiha “Kasy Park” kompaniyasi tomonidan amalga oshirilishi keltirilgan. Uning qiymati 891 mln so‘mga baholangan.
Joriy yil boshida pulli to‘xtab turish joylarini tashkil etish talablari belgilangandi. Ularning egalari to‘lov miqdorini cheklangan miqdorlardan yuqori bo‘lmagan tariflar bo‘yicha mustaqil ravishda belgilaydi.