14-oktabr kuni raqamlashtirish sohasida eksport faoliyati bilan shug‘ullanuvchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan prezident farmoni qabul qilindi.
Hujjat bilan, “IT Park” rezidentlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar turi kengaytirilmoqda. Ularga IT-sohasida tashkil etiladigan ta’lim dasturlarida ingliz tili bilan birga boshqa xorijiy tillarni o‘qitishga ruxsat beriladi.
Internet orqali axborot xizmatlarini eksport qilish faoliyati doirasida, biznes-jarayonlar autsorsingi yo‘nalishi bo‘yicha ta’lim faoliyatini amalga oshirish, bilim jarayonlari autsorsingi (“Knowledge Process Outsourcing”) xizmatlarini xorijga eksport qilish mumkin bo‘ladi.
2025-yilning 1-fevralidan 2030-yilgacha eksport xizmatlari hajmi bir yilda $10 mlndan oshgan “IT Park” rezidentlariga IT-sohasidagi xizmatlarni ko‘rsatgan, O‘zbekiston bilan ikkiyoqlama soliqqa tortishning oldini olish to‘g‘risida bitim tuzilmagan davlatlar yuridik shaxslari yil yakunigacha foyda solig‘idan ozod etiladi.
Shu bilan birga, daromadining 50%ini eksport tashkil etuvchi rezidentlar ta’sischilari O‘zbekiston norezidentlari bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslarning dividendlar tarzidagi daromadlariga JShODS hamda foyda solig‘ining 5% stavkasi tatbiq etiladi. Bu imtiyoz 2040-yilgacha amal qiladi.
2028-yildan “IT Park” rezidentlari uchun qonunchilikda belgilangan soliq va bojxona imtiyozlari 2040-yilgacha uzaytiriladi. Biroq, bundan QQS mustasno.
Buning uchun rezidentlar belgilangan mezonlardan biriga javob berishlari kerak. Xususan, bir yillik daromadi tarkibida ruxsat etilgan faoliyat turlari bo‘yicha eksporti hajmi 50%dan ortiq bo‘lishi talab etiladi.
Bir yil davomida 18 yoshdan oshgan bitiruvchilarining 50%dan ortiq qismi “IT Park” rezidenti bo‘lgan eksportchi korxonalarga ishga joylashgan IT-ta'lim xizmatlarini ko‘rsatuvchi yuridik shaxs bo‘lishi kerak.
Kelasi yilning 1-aprelidan OTMlarning IT-sohasidagi fan nomzodi, falsafa doktori (PhD) yoki fan doktori (DSc) ilmiy darajasiga ega bo‘lgan xorijlik professor-o‘qituvchilariga “IT-visa” beriladi.
Shuningdek, 2028-yilgacha Raqamli texnologiyalar sohasida o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash dasturi amalga oshiriladi.
Avvalroq sentabr oyida 66ta eksportchi kompaniya “IT Park” rezidenti bo‘lgani haqida xabar berilgandi. Natijada, texnoparkdagi eksportga yo‘naltirilgan kompaniyalar soni 900tadan oshdi.