17-oktabr kuni Shavkat Mirziyoyev huzurida joriy yilda iqtisodiyotda kutilayotgan natijalar va 2025-yil uchun mo‘ljallangan asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi.
Jahondagi qiyin vaziyatga qaramasdan, ichki imkoniyatlar hisobiga joriy yilnng 9 oyida mamlakat iqtisodiyoti 6,6%ga, sanoat 7%ga oshgani qayd etildi. Yil yakunigacha kamida 6% o‘sish kutilmoqda. Oltin-valyuta zaxirasi bu yil ilk bor $40 mlrddan oshdi. Aholining milliy valyutadagi depozitlari 50%ga o‘sdi.
Tashqi investorlar ishonchi ortgani fonida xalqaro bozorlarda $4 mlrdlik yevrobond joylashtirildi. Bular natijasida joriy yilda investitsiyalarning YaIMdagi ulushi 33%dan oshadi. Eksport qariyb 19%i o‘sishi kutilayapti.
Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Jahon banki va Osiyo taraqqiyot banki faol investitsiya siyosati va islohotlar hisobiga O‘zbekistonda kelgusida ham barqaror iqtisodiy o‘sish saqlanib qolishini tasdiqlamoqda.
Shu bilan birga, dunyo bozorlarida raqobat kuchayib, xomashyo narxlari tez-tez o‘zgarayotgan hozirgi sharoitda sanoat va eksportda yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarni ko‘paytirish shartligi ta’kidlandi. Mutasaddilarga har bir tarmoq kesimida qo‘shilgan qiymat zanjiri va mehnat unumdorligini oshirish bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Asosiy soliq stavkalari o‘zgarishsiz qolayotgan holatda budjet daromadlarini ko‘paytirishning yo‘li — soliq ma’murchiligini takomillashtirish ekani qayd etildi.
Davlat rahbari bu tadbirkorlar faoliyatiga aralashish orqali emas, balki raqamlashtirish, sun’iy intellekt va yashirin iqtisodiyotni “soya"dan chiqarish hisobiga bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.
Yig‘ilishda 2025-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy rejalar ko‘rib chiqildi. Kelgusi yilda YaIM o‘sishini saqlab qolish uchun barcha imkoniyat borligi qayd etildi. Buning uchun rejalashtirilgan loyihalarni o‘z vaqtida ishga tushirish, transport-logistika, IT, agro va moliyaviy xizmatlarni rivojlantirish talab etiladi.
Imtiyozlarning samaradorligini ko‘rib chiqish va yashirin iqtisodiyotni qisqartirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Keyingi yilda 78ta tuman budjet xarajatini o‘zi qoplashga o‘tkaziladi. Buning uchun yer, mol-mulk va aylanma solig‘i to‘liq, daromad solig‘ining 50%i ularning o‘zida qoldiriladi.
Shuningdek, ta’lim va sog‘liqni saqlashga ajratilayotgan mablag‘larni 20%ga ko‘paytirish belgilanmoqda. Bildirilgan fikrlar asosida 2025-yilgi davlat budjeti loyihasining asosiy yo‘nalishlari belgilab olindi.
Bu loyiha va uning ijrosini ta’minlash ishlari mahalliy kengashlarda muhokama qilinib, undan keyin Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritiladi.
2023-yildan soliqlarni undirish ko‘rsatkichi past bo‘lgan 14ta tumanda “Mahalla budjeti” tizimi eksperiment tarzida joriy etilgandi. 2024-yildan mazkur tizimni hududlarda to‘liq joriy qilish belgilangandi.