Toshkent shahar IIBB internetda firibgarlikning yangi ko‘rinishi uchrayotgani bo‘yicha fuqarolarni ogohlantirdi.
Firibgarlar tomonidan “Telegram” orqali yuqori lavozimda ishlovchi vazirlik, idora va turli tashkilotlar rahbar hamda mas’ul xodimlari nomidan soxta profillar yaratilib, qo‘l ostidagi xodimlarni aldash holatlari kuzatilmoqda.
Bunda ular ishchilardan biriga SMS yozadi. Muloqotda xodim bilan go‘yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlar qiziqayotgani va rahbardan xodimning ayrim ma’lumotlarini so‘rashganini aytadi. Undan keyin xodimga huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimining o‘zi aloqaga chiqishini ma’lum qiladi.
Firibgarning bu gaplariga ishongan xodim esa u bilan aloqaga chiqqan navbatdagi shaxsga (huquqni muhofaza qiluvchi organ vakili niqobidagi) barcha ma’lumotlarini beradi. Natijada, ishchi-xizmatchilar plastik kartalaridagi mablag‘laridan ayrilib qolmoqdalar.
IIBB bu turdagi SMS yoki boshqa xabarlarni qabul qilish va ishonishdan oldin qo‘ng‘iroq qilish yoki shaxsan xabar yuborgan shaxsga aloqaga chiqish orqali xabarni qayta tekshirib ko‘rishga chaqirmoqda.
Agar fuqarolar bilan bu kabi holatlar yuz bergan bo‘lgsa, boshqarmaning 71−206−55−00 yoki 102 raqamlariga murojaat qilishlari mumkin. Murojaatchilarning shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.
Avvalroq Toshkent IIBB talabalarni ijaraga uy olishda firibgarlardan ehtiyot bo‘lishga, ular tuzog‘iga tushib qolmaslik uchun belgilangan tavsiyalarga amal qilishga chaqirgandi.