Toshkent shahar hokimligi yer osti piyodalar o‘tish yo‘lagini rekonstruksiya qilish bo‘yicha tender e’lon qildi.

Loyiha doirasida Yunusobod tumanidagi Amir Temur va Ahmad Donish ko‘chalari chorrahasida joylashgan yer osti yo‘li DXSh asosida ta’mirlanadi.

Tender mazkur hududda savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish uchun 350 kv.metrlik yengil obyektlarni, shuningdek, oltita reklama nuqtalarini barpo etishni nazarda tutadi.

Xususiy sherik obyektlarni va o‘tish yo‘lini 10 yil davomida saqlab turishi kerak. Xususiy sherikning umumiy xarajatlari 2,45 mlrd so‘m (Markaziy bank kursi bo‘yicha $193 357)ga baholanmoqda.

Hamkor kamida 30ta ish o‘rni yaratishi va xodimlarning kamida 10%ini ijtimoiy reyestrda turgan oilalardan yollashi shart. Shuningdek, u reklamadan tushgan yig‘imlarning 1%ini poytaxt hokimligi hisobiga o‘tkazishi kerak.

Qiziqish bildirish uchun nomzodlar so‘rov shaklini to‘ldirgan holda taqdim etishi va tender taklifini tayyorlashi kerak. Bundan tashqari, 33 532 000 so‘m miqdorida dastlabki to‘lov talab qilinadi.

Ariza va tender takliflarini 8-noyabrgacha toshkent@exat.uz elektron pochta manzili orqali jo‘natish mumkin. Batafsil ma’lumot bu yerda.

Avvalroq Yangihayot tumanida savdo-ko‘ngilochar bulvari yaratilishi haqida xabar berilgandi. Hudud gastronomik, sport, savdo hamda bolalar ko‘ngilochar hududlarini o‘z ichiga oladi.