14-oktabr kuni prezident tomonidan qabul qilingan farmon bilan qonunchilikka tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha valyuta nazoratini yaxshilashga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritildi.
Hujjat bilan, korxonalarga bojxona to‘lovlarini foizsiz va ta’minotsiz to‘lashga ruxsat berilgan muddat o‘zgartirildi. Endilikda bu 120 kungacha muddatni tashkil etadi.
“20 ming tadbirkor — 500 ming mutaxassis” dasturida ishtirok etuvchi kompaniyalarga tashkil etilgan ish o‘rinlari soniga qarab, to‘lovlarini kechiktirishga ruxsat beriladi. Bunda 51−100 kishi ish bilan ta’minlanganda 60 kun, 101−200ta ish o‘rni yaratilganda esa 90 kun bo‘ladi.
Qishloq xo‘jaligi texnikasi, uni ishlab chiqarish uchun materiallar va butlovchi qismlarni import qilishda QQSni to‘lash muddati 120 kungacha qisqartirildi (ilgari — 270 kun edi). Chorvachilik korxonalari uchun chorva mollari, jo‘jalar, ozuqa va boshqa materiallarni import qilishda QQSni bo‘lib to‘lash muddati ham qisqartirilmoqda.
Shuningdek, o‘zgartirishlar sayyohlarni tashish uchun import qilinadigan avtobuslarga qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashga ham ta’sir qiladi (hozirda 12 oy).
Yetkazib berish muddati 180 kundan ortiq bo‘lgan asbob-uskunalarni import qilish shartnomalari bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorlik uchun moliyaviy sanksiyalarni qo‘llamaslik qoidasi bekor qilindi. Bu 2019-yilning iyun oyida taqdim etilgandi.
Muddati o‘tgan debitor qarzdorlik mavjud bo‘lganda tovarlarni kafolatli to‘lovni ta’minlamasdan eksport qilishga ruxsat beruvchi qoida ham bekor qilinadi. U 2020-yilning mart oyida kengayib borayotgan COVID-19 pandemiyasi davrida joriy qilingan.
Avvalroq mamlakatda agrosanoat sohasiga yangi bozor mexanizmlarini joriy etish, sanoatlashgan bog‘ va tokzorlarni barpo qilishga qaratilgan prezident farmoni qabul qilingani haqida xabar berilgandi.