Qatarning “Dynasty Jet” kompaniyasi O‘zbekistonda o‘z vakolatxonasini ochadi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yilning 17-oktabr kuni Toshkentda vazir Laziz Qudratov Qatar bilan Savdo-sanoat palatasi raisining birinchi o‘rinbosari Shayx Muhammad Bin Ahmad al-Kuvariy o‘rtasida 40dan ortiq kompaniyalar vakillari bilan davra suhbati o‘tkazildi.
Unda iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida, jumladan, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat, to‘qimachilik, tog‘-metallurgiya, energetika va neft-kimyo, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika, transport va logistika sohalarida, shuningdek, xususiylashtirish dasturi doirasida qo‘shma loyihalar sonini ko‘paytirish uchun foydalanilmagan salohiyat mavjudligi ta’kidlandi.
Suhbat yakunida “Dynasty Jet” kompaniyasining O‘zbekistonda vakolatxonasini ochish bo‘yicha ikki tomonlama hujjatlar imzolandi.
Shu bilan birga, Qatarning “Al Mai Trading”, “High Com Global Trading” hamda O‘zbekistonning “Millmax Trading” va “Turan as” kompaniyalari bilan qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha shartnomalar imzolandi.
O‘zbekiston tomoni yangi tashabbuslarni amalga oshirishning har bir bosqichida har tomonlama yordam berishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Qatar tomoni esa mamlakatda investorlar uchun yaratilgan sharoitlarni yuqori baholadi va muhokama qilingan barcha loyihalar bo‘yicha faol ishlashga tayyorligini ta’kidladi.
Avvalroq 2026-yil oxirigacha Toshkent viloyatida $26 mlrdlik 100dan ortiq loyihalar amalga oshirilishi haqida xabar berilgandi. Xitoylik investorlar ishtirokida Olmaliqda Buyuk ipak yo‘li industrial texnoparki, Janubiy Koreyalik sarmoyadorlar bilan esa Zangiotada dori vositalarini ishlab chiqarish tashkil etiladi.