18-oktabr kuni oltin quyma va esdalik tangalar narxi yana rekord darajaga yetdi. Bu haqda Markaziy bank ma’lum qildi.
Bir gramm oltin tannarxi 1 mln 148 ming 800 so‘mga yetdi. Besh grammlik uchun 5 mln 744 ming so‘mdan taklif qilinmoqda.
Regulyator tomonidan oltin quymalari bo‘yicha taqdim qilingan ma’lumotga ko‘ra:
- 5 gramm o‘lchovli oltin quyma narxi 5 mln 744 ming so‘m;
- 10 gramm oltin quyma narxi 11 mln 487 ming som;
- 20 gramm oltin quyma narxi 22 mln 975 ming so‘m;
- 50 gramm oltin quyma narxi 57 mln 437 ming so‘mni tashkil qiladi.
Oldingi narx rekordiga uch hafta oldin besh kunlik rekord darajadagi poygadan so‘ng erishilgan edi, shundan so‘ng qimmatbaho metalning narxi bir muncha vaqt tushib ketdi. Yil boshidan beri oltin narxi 35,5%ga oshgan.
Ekspertlar global noaniqlik fonida himoya aktivi sifatida oltinga qiziqish ortib borayotganini qayd etishmoqda. “UBS Group” prognoziga ko‘ra, bozordagi o‘zgaruvchanlik AQSh saylovlari tugaguniga qadar va yangi ma’muriyat tasdiqlanmaguncha davom etadi.
Oltinning global narxi ayni paytda troya unsiyasi $2710dan oshdi.
Xabar nashr qilinayotgan vaqtda “Trading Economics"da oltin narxi $2710,04ni tashkil qildi.
Avvalroq “Spot” O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari birinchi marta $41,1 mlrddan oshgani haqida yozgandi.
1-oktabr holatiga ko‘ra, mamlakat zaxiralari bir oyda $1,95 mlrdga oshib, $41,14 mlrdni tashkil etdi. Bu ma’lumotlar e’lon qilina boshlanganidan keyingi davr uchun eng yuqori ko‘rsatkichdir.
O‘z navbatida, oltin qiymati ham rekord ko‘rsatkichini yangiladi — $31,86 mlrd: