“Meta” “WhatsApp” va “Instagram” xodimlarini ommaviy ishdan bo‘shatmoqda, deya xabar berdi “The Verge” nahsri.
Ishdan bo‘shatishlar kompaniya o‘z resurslarini uzoq muddatli strategik maqsadlar va geografik rejalariga muvofiq qayta taqsimlayotgani bilan bog‘liq.
Qayd etilishicha, “Meta” xodimlarini boshqa ish joylariga ko‘chiradi, ayrimlarining vazifalari o‘zgaradi.
Kompaniyaning ma’lum qilishicha, qisqartirishlar davomida xodimlar uchun boshqa muqobil ish o‘rinlarini topishga harakat qilinmoqda.
Manbalarga ko‘ra, ish o‘rinlarining qisqarishi “WhatsApp”, “Instagram” va “RealityLabs"ga taalluqli hisoblanadi.
“Threads” dasturchilari, shuningdek, “Facebook"ning kadrlar bo‘limi, yuridik va dizaynerlik bo‘limlari xodimlari ijtimoiy tarmoqlarda o‘zlarining ishdan bo‘shatilgani haqida postlar qoldirgan.
“Meta"ning “Tech Crunch” nashri jurnalistlariga ma’lum qilishicha, “Threads"dagi kadrlar va yuridik bo‘limlar xodimlari ishdan bo‘shatilmagan. Biroq qaysi bo‘lim va qancha xodim qisqartirishga tushganiga oydinlik kiritilmagan.
Sobiq xodimlarning so‘zlariga ko‘ra, ayrim ishchilarga boshqa lavozimga o‘tish yoki kompensatsiya pulini olish taklif qilingan. Ulardan birining aytishicha, o‘zi faoliyat yuritgan bo‘limning o‘ndan ortiq xodimi ishdan bo‘shatilgan.
Ishdan bo‘shatishning ushbu yangi bosqichi joriy yil boshida kompaniyaning “Reality Labs” bo‘limidagi kichik bir qator ish o‘rinlarini qisqartirishdan keyin sodir bo‘ldi.
Bungacha kompaniya 2023-yilda “Reality Labs” bo‘limi xodimlarini ishdan bo‘shatishga qaror qilgandi. Ma’lum qilinishicha, ularning vazifasi “Metaverse” deb ataladigan virtual va kengaytirilgan reallik (VR va AR) qurilmalarini yaratishga qaratilgan.
“Meta” 2022-yilda kompaniyaning COVID-19dan keyingi o‘sishi haqida haddan tashqari optimistik bo‘lganidan keyin birinchi marta 11 ming xodimni ishdan bo‘shatdi. Keyin kompaniya bosh direktor Mark Sukerbergning 2023-yildagi “ish yili” doirasida yana 10 mingta qisqartirishni e’lon qildi.
Avvalroq “Spot” “Apple” raqamli xizmatlar bo‘limidagi 100 nafar xodimni qisqartirishi haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, qisqartirishlar “Apple Books” va “Apple Bookstore” ilovalarida ishlaydigan jamoalarga ta’sir ko‘rsatadi.