Farg‘ona viloyatidagi 10-maktabning 11-sinf o‘quvchisi Dilafruz Jo‘raboyeva “Microsoft” kompaniyasining “Microsoft Learn Student” dasturi doirasida O‘zbekistondagi birinchi ambassadori bo‘ldi. Bu haqda “IT Ladies Uzbekistan” hamjamiyati matbuot xizmati xabar berdi.
Dastur butun dunyo yoshlariga mo‘ljallangan loyiha bo‘lib, IT-sohasida bilim va tarijalarini rivojlantirish imkonini beradi. Dilafruz ambassador sifatida bilim oshirish orqali o‘zbekistonlik yoshlarni ham bu sohaga jalb qiladi.
“Ushbu loyihaga topshirishim ham, kirishim ham oson kechmadi. Texnik tomondan bilimlarim yaxshi bo‘lgani uchun meni nominatsiyaga qo‘yishdi. Bir yil davomida kompaniya tomonidan berilgan turli shartlar va topshiriqlarni a’lo darajada bajarish talab etildi. Shulardan biri sun’iy intellekt bo‘yicha berilgan 30ta moduldan iborat dars va topshiriqlar bo‘ldi”, — deydi u.
Dilafruz “IT Community Uzbekistan"ning Farg‘ona vodiysi bo‘ylab ambassadori hisoblanadi. Shuningdek, “Ibrat” speaking klubining volontyori sifatida faoliyat yuritadi.
“Microsoft Developers Community Uzbekistan”, “Sado24” kabi hakaton va musobaqalarda ishtirok etgan. 2024-yilda Dilafruz “IT Star” tanlovida ishtirok etib, O‘zbekistondagi IT-sohasidagi eng yaxshi va faol 46 nafar ayol va qizlar qatoridan joy oldi.
“Microsoft Learn Student” dasturida ambassador maqomiga ega bo‘lgan yoshlar texnik va yetakchilik bo‘yicha treninglarda ishtirok etish, “Microsoft"ning ta’lim resurslariga kirish va yoshlarni birlashtirish imkoniga ega bo‘ladi.
Bundan tashqari ambassadorlarga Amerikaga viza olish va sayohat qilish imkoniyatlari beriladi. Ularga kompaniya mahsulotlarining premium versiyalari bepul taqdim etiladi.
Avvalroq xotin-qizlar uchun Toshkentda o‘tkaziladigan bepul SMM kursiga arizalar qabul qilinayotgani haqida xabar berilgandi. Unda poytaxtda istiqomat qiluvchi 30 yoshgacha bo‘lgan xotin-qizlar ishtirok etishlari mumkin.