Rossiya hukumati xorijiy fuqarolarning vaqtinchalik yashashi uchun kvotani tasdiqladi, deya xabar bermoqda “TACC” agentlik qo‘lga kiritgan hujjatga tayanib.

2025-yil uchun kvota 5,5 ming ruxsatnomani tashkil etadi, bu 2024 yilga nisbatan 10,6 ming ruxsatnoma tasdiqlanganidan deyarli ikki baravar kamdir.

Kvota hududlar o‘rtasida ularning so‘rovlariga muvofiq taqsimlanadi. Moskva va Moskva viloyati eng ko‘p ruxsatnomalarni oladi — mos ravishda 1000 va 350. Bu ham o‘tayotgan yil ko‘rsatkichlaridan sezilarli darajada past (2024-yilda 1500 va 750).

Sankt-Peterburg uchun kvota 300tadan 200ta ruxsatnomaga qisqartiriladi. Tatariston va Boshqirdistonning har biri 100tadan ruxsatnoma oladi, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 250tadan bo‘lgan.

Ajratilgan kvotaga qaramay, Rossiya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlari shuni ko‘rsatadiki, mintaqalar berilgan ruxsatnomalarning faqat kichik qismidan foydalanadilar. 2024-yilning 7 oyida kvotaning atigi 20,4%i sarflangan.

Xorijiy fuqarolarning vaqtinchalik yashashi uchun kvotalarni qisqartirish oxirgi besh yil davomida davom etmoqda. 2021-yilda 39 mingdan ortiq, 2023-yilda esa 13,5 mingta ruxsatnomalar ajratilgan.

Migratsiya siyosatini qattiqlashtirish

Ayni paytda Rossiya ichki migratsiya siyosatini kuchaytirmoqda. Masalan, mart oyida Rossiya Mehnat vazirligi o‘z mutaxassisligidan tashqari ishlayotgan mehnat muhojirlarini deportatsiya qilishni va ularni vaqtinchalik ishlash uchun maxsus hujjat olishga majburlashni taklif qilgan edi.

“Bundan tashqari, agar bunday xodim tashkiliy ishga qabul qilish ishtirokchisi bo‘lmagan boshqa korxonada ishlash istagini bildirsa, u 15 kun ichida Rossiya hududini tark etishi kerak”, deyiladi xabarda.

Aprel oyida Rossiya Ichki ishlar vazirligi migrantlarning yil davomida qolish muddatini 90 kungacha qisqartirishni taklif qilgan edi. Chet elliklar bo‘lish qonuniyligini elektron tasdiqlamasdan turib, ularning huquqlari cheklanishi mumkin.

Iyun oyida prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov 2016-yildan beri Rossiyadagi o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari soni to‘rt baravar kamayganini ta’kidlagan edi. U bir necha million o‘zbek fuqarolarining o‘z vataniga qaytishini “o‘tkazilayotgan iqtisodiy islohotlar samaradorligi” bilan izohlaydi.

Iyul oyida Rossiya Davlat dumasi mamlakatda bo‘lish uchun qonuniy asosga ega bo‘lmagan xorijiy fuqarolarni chiqarib yuborishning yangi tartibi to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi.

Sentabr oyida Moskva aeroportlarida 1-oktabrdan xorijliklar uchun qo‘shimcha tekshirish joriy etilishi haqida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, Domodedovo, shuningdek, Sheremetevo va Vnukovo aeroportlarida Rossiyaga kelish va jo‘nab ketishda chet elliklarni suratga va barmoq izlarini olish tartibi ishga tushiriladi.

Bundan tashqari, mehnat muhojirlariga oilalarini mamlakatga olib kelishni taqiqlovchi qonun loyihasi tayyorlanmoqda.

“Qarindoshlar va oilalarga kelsak, ular migrant kelgan mamlakatda kutishlari kerak”, dedi Rossiya Davlat Dumasi raisi Vyacheslav Volodin. “Bu yerga hammani tashishning hojati yo‘q”, deya qo‘shimcha qildi u.


Avvalroq “Spot” yil davomida mehnat bozorida raqobat sezilarli darajada oshgani haqida yozgandi.

hh.uz platformasida 400 mingdan ortiq rezyumelar faol bo‘lib, bir qator sohalarda ularning soni ikki baravar ko‘paydi.