Avvalroq Shavkat Mirziyoyev 2025-yilgi davlat budjeti loyihasining asosiy yo‘nalishlarini belgilab bergani haqida xabar berilgandi. Keyingi yilda 78 tuman budjet xarajatlarini o‘zini-o‘zi moliyalashtirishga o‘tadi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Akmalxon Ortiqov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida 2025-yilda barcha sohada xususiy sektorni jalb qilish rejalashtirilayotganini qayd etdi.
“Har bitta davlat muassasasi va korxonalari qanday qilib xususiy sektorni jalb qilishi, qaysi aktivlarni xususiylashtirishi, shuningdek, raqamlashtirish va xususiylashtirish bo‘yicha o‘rinbosar darajasida rahbarlar tayinlanishi to‘g‘risida ko‘rsatmalar berildi”, — dedi u.
Ortiqovning qayd etishicha, davlat tashkilotlarida DXSh mexanizmini joriy qilish, keraksiz aktivlarni sotish hisobiga tushumlarni amalga oshirish, davlat korxonalarida tranformatsiya jarayonini tezlashtirish va xalqaro bozorlarga chiqish borasida vazifalar belgilangan.
Shuningdek, raqobatga ega sohalar aniqlanib, xususiy sektor kirib kelgan sohalardagi davlat ishtirokidagi korxonalarni xususiylashtirish hamda bo‘sh yer uchastkalarini auksion orqali sotish bo‘yicha dastur ishlab chiqilib, 2025-yildan joriy etiladi.
Bosh prokuror o‘rinbosari, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti boshlig‘i Shamsiddin Sohibnazarov tadbirkorlarni “soyadan” olib chiqish rejalarini ma’lum qilib, bu budjet daromadlarini oshirish imkonini berishini qayd etdi. Prezident davlat xarajatlarini kamaytirish, kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash hamda mahalliylashtirish dasturlarini ko‘paytirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
“Joriy yilning 16-yanvar kuni davlat rahbari yashirin iqtisodiyotni qisqartirishda qo‘shimcha manbalarni aniqlash bo‘yicha topshiriqlar bergandi. Bu borada Bosh prokurotura tomonidan qariyb 10 trln so‘m mablag‘lar budjetga undirildi. Ishlar davom ettiriladi. Bunga erishish uchun tadbirkorlar “soya"dan chiqarilib, ularning faoliyatini qonuniylashtirish amalga oshiriladi. Buning hisobiga budjetning daromad qismini ko‘paytirish choralari ko‘riladi”, — deya xulosa qildi u.
2023-yilning sentabr oyida ekspertlar tomonidan yashirin iqtisodiyot hajmi $32 mlrd (YIMning qariyb 40%i) deb baholangandi. Asosiy tarkibiy qismlar uy-joy va avtomobillarning ikkilamchi bozori, qishloq xo‘jaligi, norasmiy savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidir.
Yil yakuniga kelib, bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish uchun naqd pul muomalasini qisqartirish bo‘yicha prezident qarori loyihasi tayyorlanganini ma’lum qildi. Bunda ayrim to‘lovlarni faqat bank kartalari orqali to‘lash nazarda tutilgan.
2024-yil boshida Bosh prokuratura Departamenti va Hisob palatasi yashirin iqtisodiyotni jilovlash va budjet mablag‘larini to‘g‘ri sarflanishi uchun javobgar qilib belgilandi.