Avvalroq Startap loyihalar va venchur moliyalashtirish ekotizimini rivojlantirishga qaratilgan prezident qarori qabul qilingani haqida xabar berilgandi.
Hujjat bilan, “IT Park” huzurida MChJ shaklida venchur jamg‘arma tashkil etiladi. Uning ustav fondi 10 mlnni tashkil etib, startap loyihalarni moliyalashtirib boradi. Avgust oyida o‘tkazilgan prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida mazkur jamg‘armani tashkil etish rejalari ma’lum qilingandi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga bir oy muddatda “UzVC” milliy venchur fondini uning moddiy-texnika bazasi bilan birga va ustav kapitalidagi davlat ulushini nominal qiymatda Iqtisodiyot va moliya vazirligiga o‘tkazish topshirildi.
Mazkur fond venchur jamg‘armalarni moliyalashtiruvchi “Fondlar fondi” sifatida qayta tashkil etiladi. U investitsiya portfellarini shakllantirish va ularga mahalliy hamda xorijiy investorlarni jalb qilish bilan shug‘ullanadi.
Shuningdek, xalqaro moliya institutlari va donor tashkilotlar grant mablag‘lari hamda qo‘shma moliyalashtirish mexanizmlarini jalb qilish, moliyaviy resurs ajratish sharti bilan xorijiy va mahalliy venchur jamg‘armalarga o‘z moliyaviy resurslarini boshqaruvga berish fondning asosiy vazifalari hisoblanadi.
Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan vazirlikka 5 yil muddatga $50 mln miqdorida foizsiz kredit ajratiladi. Bunda kredit mablag‘lari 2025-yildan vazirlik so‘rovi asosida taqdim etilib, Raqamli startaplar dasturini amalga oshirish va venchur jamg‘arma faoliyatini yo‘lga qo‘yishga yo‘naltiriladi.
Ustav fondida davlat ulushi 50%dan yuqori bo‘lgan banklar va xo‘jalik jamiyatlariga venchur jamg‘armalar tashkil etish, venchur investitsiya kiritish hamda ishonchli boshqarish shartnomasi asosida boshqa venchur jamg‘armalarga o‘z mablag‘larini taqdim etishga ruxsat beriladi.
Shu bilan birga, ular startap loyihalarga ulush bilan kirganda startap-studiyalar tashkil etishlari mumkin. Bunda ularga tegishli bo‘sh turgan ko‘chmas mulk va texnik vositalar tekin foydalanishga beriladi. Startap-studiyalarni “IT Park”, uning filiallari va startap ekotizimi ishtirokchilari boshqaradi.
Banklar va jamiyatlar o‘ziga tegishli ko‘chmas mulklarni ekotizim platformasida ro‘yxatdan o‘tgan startaplarga to‘g‘ridan to‘g‘ri ijaraga berishlari mumkin. To‘lovlar davlat mulki obyekti uchun belgilangan ijara stavkasining minimal miqdorida belgilanadi.
Axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlarni joriy etish bo‘yicha bir yil davomida umumiy qiymati 500 mln so‘mgacha bo‘lgan bitta shartnoma doirasida startap bilan xarid jarayonlarini to‘g‘ridan to‘g‘ri amalga oshirish mumkin bo‘ladi. Buning uchun mazkur startapning kapitalidagi 5%dan kam bo‘lmagan ulushiga egalik qilish sharti qo‘yiladi.
Hujjat bilan, mazkur tashkilotlarga 2 mln so‘mgacha bo‘lgan, bir yilda 200 mln so‘mdan oshmagan, bir martalik xizmatlar bo‘yicha o‘zini-o‘zi band qilgan shaxslarga mo‘ljallangan mahalliy platformalarda to‘g‘ridan to‘g‘ri buyurtmalarni rasmiylashtirishga ruxsat beriladi. Ro‘yxat Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
Shuningdek, vazirlik tomonidan joylashtiriladigan hamda aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga, aholi bandligini ta’minlashga qaratilgan startap loyihalar to‘g‘risidagi reklamalar ijtimoiy axborot sifatida belgilanadi.
2025-yildan Raqamli startaplar dasturi doirasida prezidentning tegishli farmoni bilan belgilangan tartib asosida raqamli startaplar sohasida “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi joriy etiladi.
Rejim 2027-yilgacha amalga oshirilib, vazirlik bu muddatgacha maxsus huquqiy rejim natijalari to‘g‘risida tahliliy ma’lumot, zarurat asosida qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha hukumatga takliflar kiritishi kerak.
Startap ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash tuziladi. U startap-studiyalar, inkubatsiya va akseleratsiya markazlari tashkil etilishini monitoring qilish, yuzaga kelayotgan masalalarni ko‘rib chiqish va hal qilish bilan shug‘ullanadi. Dastur ishtirokchilari uchun qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini qo‘llash tartibini belgilaydi.
Avvalroq $10 mlnga baholangan “BILLZ” startapi $500 minglik investitsiya jalb qilgani haqida xabar berilgandi. Kompaniya Ozarbayjon va Gruziya kabi 6ta mamlakat bozorlarida 3 mingdan ortiq do‘konlar bilan ishlashadi.