“Wallet” kripto-hamyon platformasi Toshkentdagi vakolatxona direktori lavozimiga tanlov e’lon qildi. Bu haqda kompaniya saytida xabar berilgan.
Direktor ofisning kundalik faoliyatini boshqarishi, shuningdek, mahalliy hokimiyat va regulyatorlar bilan o‘zaro hamkorlik qilishi kerak bo‘ladi. Unga mahalliy va xalqaro me’yorlarga, xususan, kriptovalyutalar sohasidagi normalarga rioya qilish mas’uliyati yuklatiladi.
Nomzod kriptovalyutalar, fintex yoki moliyaviy xizmatlar sohasida boshqaruv tajribasiga ega bo‘lishi kerak. Blokcheyn texnologiyalari, raqamli aktivlar va kriptovalyuta bozorlari dinamikasini bilishni namoyish etish talab etiladi.
Shuningdek, O‘zbekistonda yoki shunga o‘xshash qonunchilikka ega yurisdiksiyalarda regulyatorlar bilan hamkorlik qilish tajribasiga ega bo‘lish maqsadga muvofiqdir. Fintex sohasida ishlagan nomzodlarga ustunlik beriladi.
Ish gibrid formatda besh kunlik jadval asosida tashkil etiladi. Ish beruvchi 20 kunlik haq to‘lanadigan va 14 kungacha vaqtincha mehnatga layoqatsizlik (bolnichniy) ta’tilini, shuningdek, davolanish xarajatlarini qoplaydi.
Nomzodlar “LinkedIn"dagi kompaniya profili orqali ariza jo‘natishlari mumkin.
Wallet “TON” blokcheyn platformasi bazasida ishlaydi, u dastlab “Telegram"ning ichki loyihasi sifatida yaratilgan. 2023-yilda “TON Foundation” messenjer bilan hamkorlik shartnomasini tuzdi. Unga doirasida foydalanuvchilar “Wallet” hamyonlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri kirish huquqiga ega bo‘ldilar.
Joriy yilning sentabr oyida “Hamster Kombat” tokenlari sotuvga chiqqandan keyin “Wallet"da uzilishlar yuz bergandi.