16-oktabr kuni o‘tkazilgan “Retail Week Central Asia” forumida Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak O‘zbekistonda elektron tijoratni tartibga solishni isloh qilish zarurligini bildirdi, deya xabar beradi “Spot” muxbiri.
Mas’ulning so‘zlariga ko‘ra, elektron tijoratni tartibga solish vakolatini olganidan beri ILMA quyidagi ikkita vazifaga e’tibor qaratgan:
- qonunchilik inventarizatsiyasi — “e-commerce” sohasini tartibga soluvchi mavjud normativ-huquqiy hujjatlarning batafsil tahlili o‘tkazildi;
- tijorat subyektlari ishini o‘rganish — elektron tijorat sohasida faoliyat yurituvchi kompaniyalarning biznes modellari, hisob-kitob va soliqqa tortish tizimlari tadqiq etildi.
Bu boradagi ishlar natijasida mahalliy bozor rivojiga to‘sqinlik qilayotgan muammolar aniqlandi.
Bozorning bir tomonlama rivojlanishi
Vyacheslav Pakning ta’kidlashicha, “Wildberries” va “Ozon” kabi yirik xalqaro o‘yinchilar paydo bo‘lishiga qaramay, vaziyat “bir darvozali o‘yin” sifatida shakllanib bormoqda. Xorijiy kompaniyalar uchun O‘zbekiston bozoriga kirish osonroq, mahalliy tadbirkorlar uchun esa o‘z mahsulotlarini xorijiy marketpleyslar orqali eksport qilish qiyinroq.
NAPP quyidagi choralarni ko‘radi:
- O‘zbekistonda shuba korxonalarini ochishni rag‘batlantirish va milliy bank tizimi orqali shaffof hisob-kitob mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish;
- tovarlarni yetkazib berish uchun mahalliy logistika kompaniyalaridan foydalanishni rag‘batlantirish;
- mahalliy tovarlarni xalqaro bozorlarga olib chiqish uchun marketpleyslardan foydalanish.
Qonunchilik bazasini yangilash zarurati
Vyacheslav Pakning qayd etishicha, amaldagi qonunchilikda elektron tijorat ishtirokchilari uchun aniq ta’riflar va talablar mavjud emas. Bugungi kunda qonunchilikda makretpleys nima ekanligi va kuryerlik xizmatlariga qanday talablar qo‘yilishi borasida tushunchalar berilmagan.
ILMA elektron tijorat sohasidagi asosiy tushunchalar va atamalarni shakllantirishga qaratilgan qaror loyihasini tayyorladi. Shuningdek, 2022-yilda yangi tahriri qabul qilinganiga qaramay, elektron tijorat to‘g‘risidagi qonun va qoidalarni qayta ko‘rib chiqish rejalashtirilmoqda.
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish — ustuvor vazifa
Raqamli xizmatlarning o‘sishi va iste’mol madaniyatining o‘zgarishi bilan iste’molchilar huquqlarini himoya qilish zarurati tug‘ilishini qayd etadi agentlik rahbarining birinchi o‘rinbosari.
Mas’uliyat markazini o‘zgartirish va marketpleyslarni javobgarlik zanjiriga kiritish, ulardan sertifikatlar va tovarlarning yaroqlilik muddatini tekshirishni talab qilish taklif etilmoqda.
“Mijozga sifatsiz mahsulot sotilganligi uchun kim javobgar bo‘lishi kerak? Marketpleysmi yoki uni joylashtirib, sotgan sotuvchimi?”, — dedi u.
Shuningdek, rasmiy mijozlarning shikoyatlariga tezkor javob berishni ta’minlash va raqamli savdo jarayoni ishtirokchilari o‘rtasida javobgarlikni yuklash amaliyotini istisno qilish zarurligini ta’kidladi.
Vyacheslav Pak turli baholashlarga ko‘ra, hozirda O‘zbekistonda elektron tijorat umumiy savdo hajmining qariyb 4%ini tashkil etishini aytdi. Bugungi rivojlanish sur’atlari va bozor salohiyatini hisobga olgan holda, u ko‘rsatkichning keyingi 5 yilda 10−15%gacha o‘sishini kutmoqda.
Avvalroq markirovka qoidalarini buzgan marketpleyslarni javobgarlikka tortish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.