Malayziya Eksimbanki O‘zbekistonda islomiy bankingni joriy etishga qiziqish bildirmoqda. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
O‘zbekistonning Malayziyadagi elchisi Karomiddin Gadoyev bank prezidenti va bosh ijrochi direktori Nurbayu binti Kasim Chang bilan uchrashdi.
Tomonlar O‘zbekiston banklariga moliyaviy resurslarni ajratish va o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istiqbollarini muhokama qildi. Bank prezidenti Markaziy Osiyo davlatlari orasida O‘zbekistonda ulkan salohiyatga mavjudligini ta’kidladi.
Mamlakatdagi xalqaro reyting va standartlarga javob beruvchi moliyaviy barqaror davlat va xususiy banklar bilan hamkorlik imkoniyati ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston tomoni Eksimbankning islomiy banking yo‘nalishidagi tajribasidan kelib chiqib, mamlakat moliyaviy sektorining islomiy banking va sug‘urta (takaful) bozoriga birinchilardan bo‘lib kirish taklifini bildirdi.
Eksimbanki prezidenti O‘zbekistonga investitsiya kiritishni rejalashtirayotgan Malayziya kompaniyalari bilan alohida uchrashuv o‘tkazish, har bir kompaniya loyihalarini batafsil tahlil qilgan holda, ularni qulay shartlardagi moliyaviy resurslar bilan ta’minlash masalasini o‘rganib chiqishga tayyorligini qayd etdi.
Avvalroq Malayziya O‘zbekistonda islom sug‘urtasini joriy etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqayotgani ma’lum bo‘lgandi. Dastlabki bosqichda davlat sug‘urta kompaniyalari tarkibida alohida takaful xizmatlari tashkil etilib, bosqichma-bosqich xususiy sug‘urta kompaniyalarida ham yo‘lga qo‘yiladi.
Mamlakatda kapital bozori to‘g‘risidagi qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda. Unda islomiy qimmatli qog‘ozlar, jumladan islom ishtiroki sertifikatlari, ijara, savdo, islomiy investitsiya fondlarining aksiya va ulushlari bo‘yicha alohida bo‘lim bo‘ladi.
Bank haqida
Malayziya eksport-import banki 1995-yil avgustda Moliya vazirligi ta’sisligida tashkil etilgan. Bank strategik sektorlarga investitsiyalar va eksportni rag‘batlantirish, mamlakat kompaniyalarining yangi bozorlarga kirishini osonlashtirishga yordam beradi. Hozirda bankning moliyaviy xizmatlari 53ta davlatni qamrab olgan.
2023-yilda bankning umumiy aktivlari qiymati $1,35 mlrd bo‘lgan. Jami kreditlar va moliyalashtirish aktivlari $1,07 mlrdni tashkil etib, shundan $707 mlni (66%) an’anaviy va $363 mlni (34%) esa islomiy moliya aktivlari hisoblanadi.