Xitoyning “Faw Trucks” kompaniyasi Andijon viloyatida yuk avtomobillari ishlab chiqaradi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Kompaniya rahbariyati vakillaridan iborat delegatsiya viloyatga tashrifi doirasida viloyat hokimligi rahbariyati bilan muzokaralar olib bordi.
Loyihaning umumiy qiymati $100 mlnni tashkil etib, uning doirasida yiliga 10 ming dona yuk tashuvchi avtomobillar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zavod qurish rejalashtirilmoqda.
Tomonlar muloqot davomida yangi zavod qurilishi ishlarini joriy yilning noyabr oyidan boshlashga kelishib olishdi.
Bundan tashqari, delegatsiya a’zolari Andijondagi “Ipak yo‘li” erkin iqtisodiy sanoat zonasida olib borilayotgan qurilish ishlari bilan tanishdi. Ularga “NAWAS” brendi ostida havo tozalash uskunalari, konditsionerlar ishlab chiqarish loyihasining qurilish ishlari haqida ma’lumot berildi.
2023-yilning sentabrida Andijonda “Faw” yuk mashinalarini ishlab chiqarish zavodi ishga tushirilgandi. Qiymati $15 mln bo‘lgan loyiha Xitoyning “Faw Group” kompaniyasi tomonidan “UzAuto Trailer” va “Vodiy Universal Majmua” korxonalari bilan amalga oshirildi.
Avvalroq 2026-yil oxirigacha Toshkent viloyatida $26 mlrdlik 100dan ortiq loyihalar amalga oshirilishi haqida xabar berilgandi. Xitoylik investorlar ishtirokida Olmaliqda Buyuk ipak yo‘li industrial texnoparki, Janubiy Koreyalik sarmoyadorlar bilan esa Zangiotada dori vositalarini ishlab chiqarish tashkil etiladi.