Joriy yilning iyun oyida qabul qilingan qaror bilan “Umra” ziyorati bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish litsenziyalanadigan faoliyatning alohida turi sifatida belgilandi. Litsenziya berish vakolati esa Turizm qo‘mitasidan Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga berildi.

Sentabr oyida qo‘mita mazkur tadbirlarni tashkil etayotgan turoperatorlarga ogohlantirish bilan chiqib, yangi talablar 5-oktabrdan kuchga kirishini, turoperatorlar litsenziyalari mazkur sanagacha amalga qilishini qayd etdi.

Undan keyin, 12-oktabr kuni “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish jarayonini yaxshilashga qaratilgan hukumat qarori qabul qilindi. Hujjat bilan, endilikda turistik tashkilotlar mazkur xizmatlar uchun yangi talablar asosida litsenziya olishlari kerak bo‘ladi.

Xususan, ular quyidagi talablarni bajarishlari kerak:

  • ziyoratchilarga guruh rahbari etib diniy bilim va ko‘nikmalarga ega mutaxassisni tayinlash;
  • diniy ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim muassasasi yoki O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining bitiruvchisi bo‘lgan kamida 1 nafar mutaxassisning mavjudligi;
  • voyaga yetmagan fuqarolarga xizmat ko‘rsatmaslik;
  • $1 mlnni “Ziyorat” jamg‘armasiga zaxira sifatida qo‘yish (oldin $100 ming edi);
  • o‘z faoliyatini turoperator va turagentlar orqali amalga oshirmaslik;
  • ziyoratchilarni toifasi 3 yulduzdan kam bo‘lmagan mehmonxonalarga joylashtirish;
  • “Umra” xizmatini uchinchi davlatlar orqali ko‘rsatmaslik;
  • xizmarlarni litsenziyadagi manzildan boshqa joyda joylashgan vakolatxona va filial orqali ko‘rsatish.

O‘z navbatida, litsenziyalarni berish Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan tanlov asosida amalga oshiriladi. Qo‘mita allaqachon taqdim etilishi kerak bo‘lgan hujjatlar ro‘yxatini e’lon qilgan.

Talabgorlar ariza bilan birga, zaxira mablag‘ning jamg‘armaga qo‘yilganini tasdiqlovchi hujjatni, O‘zbekiston musulmonlari idorasi (diniy bilimga ega mutaxassis tayinlangani haqida), shuningdek, Saudiya Arabistonidagi hamkor tashkilot, aviakompaniyalar bilan tuzilgan shartnomalarni ham taqdim etishi kerak. Shuningdek, qanday binoda faoliyat yuritishini ko‘rsatuvchi ma’lumot, sug‘urta polisi talab qilinadi.

Bundan tashqari, arizani ko‘rib chiqish uchun to‘lanadigan yig‘im mavjud. Bu BHMning uch baravari (1,125 mln so‘m) ni tashkil etadi. Litsenziya berilganligi uchun olinadigan boj miqdori — BHMning 10 baravari (3,75 mln so‘m).

Arizalar qabuli 15-oktabrdan boshlangan bo‘lib, 28-oktabrgacha davom etadi. Agar hujjatlarda kamchiliklar aniqlansa, 10 kungacha muddatda uni to‘g‘irlashga ruxsat etiladi.

“Spot” litsenziya olishdagi yangi talablar yuzasidan bir qator turoperatorlar bilan suhbatlashib, bu qanday qiyinchiliklarga olib kelgani, narxlarga qanday ta’sir qilishi hamda kelgusida kutilayotgan natijalar haqida fikrlarini o‘rgandi.


Qanday ijobiy tomonlari mavjud?

“Real Dreams” turoperatorining so‘zlariga ko‘ra, “Umra” ziyoratini tashkil etish bo‘yicha belgilangan talablar haqiqatdan ham og‘ir, biroq bajarsa bo‘ladi.

“Fikrimcha, „Umra“ ziyoratida asosiy e’tibor tijoratda emas, aksincha vatandoshlarimizning ziyoratlarini to‘la to‘kis ado etib, vataniga sog‘-salomat qaytib kelishlarida”, — deydi “Real Dreams” menejeri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu jarayon kompaniya faoliyatiga deyarli ta’sir ko‘rsatmadi. Sababi, turoperatorning oldingi tartib asosida olingan litsenziyasi mavjud, faqat endi uni yangi talab bo‘yicha yangilash lozim. “Ishimiz ko‘paydi — qo‘shimcha bo‘sh ish o‘rinlarini yaratish, sifatni yana-da oshirish”, dedi u.

“Mandarin Tour” kopmaniyasi vakili ham yangi tizim ziyoratchilarga qulayliklar yaratishini, jumladan, arizalarni ko‘rib chiqish jarayonida muammosi bo‘lgan va bu sohada ikki yildan kam faoliyat yuritgan turoperatorlarga litsenziya berilmasligi, tibbiy ko‘rikning joriy etilishi ziyoratchilarni o‘ylab qilingan qadam ekanini qayd etdi.

“Trip Tour” asoschisi Aziza Mirsalimova bu holat sifatli “Umra” ziyoratlari soni oshishiga, xorijiy davlatda qiyin vaziyatda qolib ketish holatlarining kamayishiga sabab bo‘lishini ta’kidladi.

“Yangi talablar „Umra“ ziyoratida faqat sifatning o‘sishiga olib keladi. Narxlar biroz oshishi mumkin, biroq xavfsizlik darajasi ham shunga yarasha yuqori bo‘ladi. Bozorda raqobatga dosh bera oladigan turoperatorlar qoladi. Biz bundan faqatgina xursandmiz”, — deydi Mirsalimova.

Qanday qiyinchiliklar yuzaga keldi?

“Mandarin Tour” vakilining fikricha, yangi talab bilan faqat litsenziya ko‘rsatilgan manzilda faoliyat ko‘rsatish biroz qiyinchilik keltirib chiqarishi mumkin.

“Maʼlum muddatdan so‘ng filiallarga ham ruxsat beriladi. Bu to‘g‘ri qaror, litsenziya olib birdaniga barcha filiallarda sotilsa franshiza narxi oshib ketadi. Bu esa muammolarga olib kelishi mumkin”, — deya tushuntiriladi kompaniya xabarida.

“Rixos Tour” bosh direktori Sherzod Sami esa buni og‘ir kuchaytirilgan talab deb hisoblaydi. “Umra” ziyoratini tashkil etish bo‘yicha turoperatorlarga qo‘yilayotgan yangi talablarni o‘rganib chiqish jarayonida kompaniya rivojlangan davlatlar, jumladan, qo‘shni mamlakatlar tajribasida ham bunday talablar kuzatmaganini aytib o‘tdi.

“Yangi talablar signalga o‘xshaydi nazarimda, tadbirkorlarga bu biznesga aralashma, deyayotgandek. Chunki har bir tadbirkorning tijoriy siri bo‘lishi kerak”, — dedi “Rixos Tour” bosh direktori.

Sherzod Sami yangi o‘zgarishlarda tanlov komissiyasi tuzilib, hujjatlar ko‘rib chiqilishi va yagona g‘olibning belgilanishi nazarda tutilganiga izoh berar ekan, bu monopoliyaga sabab bo‘lib, jarayonda istalgan firmani o‘tkazib yoki aksincha, yiqitib yuborish holatlari uchrashi mumkinligidan havotirda ekanini ma’lum qildi.

Uning qayd etishicha, shunchaki, $1 mln miqdoridagi pul bank hisobiga joylansa ham undan 5−4%gacha daromad olish mumkin, lekin litsenziya jarayonida aksidir. Misol uchun, kompaniya o‘tgan yili $100 ming miqdoridagi mablag‘ini jamg‘arma zaxirasiga qo‘ygan bo‘lsa, litsenziya tugashi bilan 5% (taxminan $5 ming) yutqazish bilan chiqdi.

“Qonun qabul qilindi, biroq turoperatorlarda litsenziya olish va qonunchilik masalasida ochiq savollar juda ko‘p”, — deydi “Rixos Tour” bosh direktori Sherzod Sami.

Narxlarga ta’sir ko‘rsatadimi?

“Real Dreams” turoperatorining qayd etishicha, narxlarning oshishi litsenziyaga emas, balki aviakompaniya, mehmonxona, viza, soliq va boshqa tibbiy xizmatlar narxi oshishiga bog‘liq.

Shuningdek, “Mandarin Tour"da 95−98% tur paketlarni o‘zlari sotib kelgani, boshqa turoperatorlar esa turli xil firmalar, agentliklar orqali tur paketlarini sotib, firmalarga marja ajratgani ta’kidlanadi. Endi kopmaniyalar o‘zlari tur paketlarini sotishsa foyda chiqarib berishlari shart bo‘lmaydi. Bu esa, narxning ko‘tarilmasligi uchun qilingan harakat.

“Trip Tour” asoschisi Aziza Mirsalimova esa zaxira mablag‘ining o‘n baravarga oshirilishi narxlarga ta’sir ko‘rsatishini qayd etdi. Bu vaziyatda 20%ga yaqin turoperatorlar saralanib, qolgan 80%i birlashgan holda litsenziya oladi. Mirsalimova bu bozorda 10−15ta sifatli xizmat ko‘rsatuvchi turoperatorlar qolishini, bu esa o‘z o‘zidan narxlarning oshishini anglatishini ta’kidladi.

“Yangi talab bo‘yicha agar zaxiraga $1 mln miqdorida mablag‘ qo‘yiladigan bo‘lsa, o‘rtadagi tafovut katta bo‘ladi. Bu mablag‘larning oshirilishi va bir paytning o‘zida mazkur xizmat bo‘yicha turoperatorlarning kamayishi, albatta, narxlarda ham seziladi”, — deya yakunladi o‘z so‘zini Samigjanov.