O‘zbekiston Afg‘oniston hukumati bilan o‘zbek yuk tashuvchilari uchun to‘lovlarni kamaytirish bo‘yicha kelishib oldi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan yuk avtomobilining Afg‘oniston hududiga kirishi uchun yig‘im 28-sentabrdan boshlab 3 500 afg‘oniga (hozirgi kurs bilan $53,3) tushirildi. Bungacha bu 5 ming afg‘oni ($76,14) edi.
Amudaryo orqali o‘tuvchi “Do‘stlik” ko‘prigida ham yig‘im miqdori kamaytirilmoqda: 12 ming afg‘onidan ($182,73) 7 ming afg‘oni ($106,6)gacha. Jami yig‘imlar miqdori 6 500 afg‘onini ($98,97) tashkil etadi.
Shuningdek, Transport vazirligi Transafg‘on multimodal transport yo‘lagi orqali yuk tashuvlari uchun yig‘imlar miqdorini optimallashtirish bo‘yicha ishlar davom ettirilayotganini qayd etdi.
2023-yil yakunida tomonlar xalqaro avtomobil tashuvlarida undiriladigan yig‘im va to‘lovlarni paritet asosida o‘rnatishga kelishishgandi. Shu bilan birga, Afg‘oniston hududi orqali temir yo‘l yuk tashuvlariga o‘rnatilgan cheklov bekor qilindi.
Janubiy koridor
2021-yilning noyabr oyida O‘zbekistondan tranzit yuk, ya’ni to‘rt yuk mashina paxta ipidan iborat karvon Pokistonga yetib keldi. 2022-yilning fevralida Pokiston bilan tranzit savdo bitimi tasdiqlandi.
O‘sha yilning iyunida o‘zbekistonlik haydovchilar ilk marotaba O‘zbekiston-Afg‘oniston-Pokiston yo‘nalishi bo‘ylab yuk tashuvlarini bajardi. Toshkent — Termiz — Mozori-Sharif — Qobul — Peshavor — Karachi yo‘nalishi bo‘ylab 2760 km yo‘lni bosib o‘tildi.
Marshrutga xizmat ko‘rsatish uchun Termiz shahrida Xalqaro savdo markazi tashkil etildi. Uning birinchi bosqichi 2023-yil oxirida ish boshlagan. Joriy yilning may oyida erkin savdo zonasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha prezident qarori qabul qilingan. Rasmiy ochilishi esa avgust oyida bo‘lib o‘tgan.