“Alif Uzbekistan” fintech kompaniyasi Britaniyaning “Cur8 Capital” islom moliya fondidan investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha bitim tuzdi. Bu haqda “Spot"ga kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

“Alif” guruhining sho‘ba korxonasi ochiq moliyaviy yo‘nalish doirasida $5 mlngacha mablag‘ olishi mumkin bo‘ladi, olingan mablag‘lar “Alif Nasiya” to‘lov xizmatini rivojlantirishga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.

“Ushbu kelishuv davom etayotgan moliyalashtirish bosqichining birinchi qismidir. “Alif Uzbekistan” yaqin orada yangi kelishuvlar haqida e’lon qiladi, — dedi “Alif Uzbekistan” bosh direktori Nuriddin Lafizov.

Bundan tashqari, “Alif” o‘zining uzoq muddatli strategiyasi doirasida moliyaviy xizmatlar bozoridagi o‘z o‘rnini mustahkamlash uchun islomiy obligatsiyalar (sukuk) chiqarishni rejalashtirmoqda. Bundan oldin $50 mlnlik emissiya birinchi marta 2023-yil noyabrida e’lon qilingan.

Shuningdek, “Cur8 Capital” “Alif” hammuassisi tomonidan yaratilgan “Ayan Capital” startapiga sarmoya kiritdi.

U Buyuk Britaniyadagi yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga islomiy bank xizmatlarini taqdim etadi.


Avvalroq “Spot” yarim yilda O‘zbekistondagi to‘lov tashkilotlari qancha foyda ko‘rgani haqida yozgandi.

Eng daromadli to‘lov tashkiloti 137,2 mlrd so‘m bilan “Paynet” bo‘ldi. Biroz farq bilan esa “Uzum Nasiya” ikkinchi pog‘onani egalladi. Bundan tashqari, “Zplat” to‘lov tizimi 1,1 trln so‘m zarar ko‘rgan.