Bank xizmatlari iste’molchilari bilan o‘zaro munosabatlarni amalga oshirishda banklar faoliyatiga qo‘yiladigan minimal talablar to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritildi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.
Regulyator boshqaruvining bu bo‘yicha tegishli qarori 11-oktabr kuni Adliya vazirligi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu o‘zgartirish va qo‘shimchalar banklarda mijozlar murojaatlarini ko‘rib chiqish va ular bilan ishlash tartibini takomillashtirish, shuningdek, banklar mas’uliyatini oshirishga qaratilgan.
Xususan, banklar murojaatlar bilan ishlashda o‘z ichki tartibiga ega bo‘lishi va uni bank veb-saytida joylashtirishi kerak. Murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun alohida maxsus tuzilmaviy bo‘linma tashkil etilib, bu bo‘linma xodimlari shikoyatlarni batafsil o‘rganib chiqish hamda iste’molchilar bilan nizolarni hal qilishda vakolatlarga ega bo‘ladi.
Shu bilan birga, murojaatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha banklar ichki nazorat tizimini joriy qilishlari zarur. Ichki nazoratni amalga oshirish doirasida bankning ichki audit xizmatiga vazifalar belgilanadi.
Banklar murojaatlarni AKT yordamida ro‘yxatga olish, qabul qilish, to‘plash, tasniflash va tizimlashtirish, shuningdek, ko‘tarilayotgan masalalar asosida tizimli kamchiliklarni aniqlash va tahlil qilishga qaratilgan elektron axborot tizimini joriy etishlari kerak bo‘ladi.
Shuningdek, hujjat bilan murojaatlarni umumlashtirish va tahlil qilish natijalariga asosan ma’lumotnomalar (sharhlar) tuzish hamda ular asosida ko‘p ko‘tarilayotgan salbiy holatlarni bartaraf etish bo‘yicha harakatlar rejalarini ishlab chiqishga doir talab va qoidalar o‘rnatildi.
Bank call-markazlari banklar tomonidan chiqarilgan kartalarning yo‘qolishi yoki ulardan noto‘g‘ri foydalanishga oid so‘rovlarni kecha-yu kunduz qabul qilishlari shart. Call-markaz operatorlari so‘rovlar bo‘yicha kartalarni zudlik bilan bloklash uchun javobgardirlar.
Nizomga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar 2025-yil 17-yanvaridan kuchga kiradi.
Avvalroq onlayn kredit ajratishda vaqtinchalik tartib joriy qilinishi haqida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, endilikda fuqarolar kredit tashkilotining mobil ilovasi orqali kredit ajratish bo‘yicha ariza yuborish jarayonida biometrik identifikatsiyadan o‘tishi talab etiladi.