Transport vazirligi 2025-yildan Toshkent shahridagi avtobuslarda yo‘l haqini to‘liq elektron formatga o‘tkazish niyatida. Bu haqda vazir Ilhom Mahkamov “Kun.uz” nashriga ma’lum qildi.
Vazir 18-oktabr kuni Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi doirasida jurnalistlarga bergan intervyusida poytaxtdagi jamoat transporti uchun QR-kodli chiptalarni joriy etish rejalashtirilayotganini qayd etdi. Hozirda xuddi shunday yondashuv metroda qo‘llaniladi.
“2025-yil 1-yanvardan boshlab avtobuslarda naqd pul qabul qilinmaydi. Bekatlarda chipta yoki QR-kodni xarid qilish imkoniyati yaratiladi. Aksariyat bekatlarda infokiosklar o‘rnatiladi”, — dedi Mahkamov.
Chiptalarni o‘qish uchun barcha avtobuslarga maxsus moslamalar o‘rnatiladi. Yangi tizim ishga tushirilgach, konduktorlarga ehtiyoj qolmaydi, dedi vazir.
Bundan tashqari, vazir poytaxtga tramvaylarni qaytarish masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi. Uning qayd etishicha, loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqilmoqda, biroq buning uchun moliyalashtirish va infratuzilma masalalarini ishlab chiqish zarur.
Shuningdek, Mahkamov yangi tramvayning yo‘nalishlari haqida berilgan savolga, unga loyiha boshlangandan keyin oydinlik kiritilishini qayd etdi.
“ATTO” tizimi Toshkent shahrida 2020-yilda ishga tushirilgan. Joriy yilning fevral oyidan poytaxtni Toshkent viloyati shaharlari bilan bog‘lovchi poyezdlarda transport va bank kartalari orqali to‘lovlarni qabul qilish boshlandi.
May oyida Toshkentda barchatransport karta sotish shaxobchalari faoliyati to‘xtatildi. Ularni xarid qilish va to‘ldirish “UzPost” filiallarida amalga oshirilmoqda.
Avgust oyida “ATTO” Qirg‘izistonning “Tulpar” yo‘lkira haqini to‘lash tizimi bilan hamkorlik memorandumini imzoladi. Tizimlar integratsiyalashganidan so‘ng O‘zbekiston fuqarolari Bishkekda sayohatlar uchun to‘lovlarni “ATTO” kartalari orqali amalga oshirishlari mumkin bo‘ladi.