Raqobat qo‘mitasi 500dan ortiq umumiy ovqatlanish korxonalarida bir qator kamchiliklarni aniqladi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Joriy yilning o‘tgan davrida iste’molchilardan restoran va kafelar tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlarda sanitariya-gigiyena talablari buzilayotganligi, narxlarni oshirib qo‘llash hamda taomnomalarning davlat tilida taqdim etilmayotganligi yuzasidan 250ga yaqin murojaatlar kelib tushgan.

Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi bilan mamlakatda faoliyat yuritayotgan 700ga yaqin ovqatlanish korxonalarida tanlanma asosida o‘rganish ishlari olib borildi.

Buning natijasida umumiy ovqatlanish muassasalari tomonidan xizmat ko‘rsatishda ovqat tayyor bo‘lish vaqti, narxi va to‘lash shartlari haqida to‘g‘ri tushunarli ma’lumot taqdim etmaslik kabi muammolar aniqlandi.

Shuningdek, bu muammolar qatorida taomnomalarda ovqatlar hajmi ko‘rsatilmaganligi, yo‘l bo‘yida sanitar qoidalariga nomuvofiq joylarda ovqat tayyorlash, tayyor ovqatni yetkazib berish hamda tashish va saqlashdagi kamchiliklar ham bor.

Xususan, ularning 524tasida (75%) taomnoma davlat tilida berilmagan, 480tasida (69%) ish rejimi, yana 449tasida (65%) narxlar ko‘rsatilmagan. Shu bilan birga, umumiy ovqatlanish muassasalarining 429tasida (62%) avtoturargohlar, 519tasida (74,6%) favqulodda vaziyatlar uchun chiqish yo‘laklari mavjud emasligi aniqlangan.

Raqobat qo‘mitasi mazur kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan vakolatli organlar — Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi hamda O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasiga ma’lumotlarni kiritdi.

Bundan tashqari, qo‘mita fuqarolardan umumiy ovqatlanish muassasalarida bu kabi holatlar kuzatilgan va huquqlari buzilgan taqdirda, 1159 yagona ishonch raqamiga murojaat qilishni so‘ramoqda.

Avvalroq Toshkentdagi “Muhteshem Doner” kafesida ommaviy zaharlanish yuz bergani haqida xabar berilgandi. 23 nafar fuqaroning zaharlanishiga kafeda tayyorlangan sous sabab bo‘lgan. Kafesi faoliyati vaqtincha to‘xtatildi.