Janubiy Koreyaning “Ecofarm Global Co.” kompaniyasi Namanganda ikki yirik loyihani amalga oshiradi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov kompaniya rahbari Lim Sang Hvani qabul qildi. Uchrashuvda kompaniya tomonidan amalga oshiriladigan transport va xizmat ko‘rsatish sohasidagi loyihalar muhokama qilindi.
Xususan, “Ecofarm Global” Chust tumanidan o‘tuvchi Namangan-Toshkent yo‘nalishidagi A-373 avtomobil yo‘lida karvonsaroy qurishni rejalashtirmoqda.
Loyiha 7 gektar maydonda amalga oshirilib, majmua o‘z ichiga savdo markazi, restoran, dam olish maskani va avtoturargohni qamrab oladi. Uning qiymati — $5 mln.
Markaz ishga tushgach, yiliga 100 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadi, uning natijadasida 50ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Majmuani 2025-yilning to‘rtinchi choragida ishga tushirish kutilmoqda.
Logistika markazi va temir yo‘l terminali qurish bo‘yicha navbatdagi loyiha Chust tumanidagi “Namangan erkin iqtisodiy zonasida 10 gektar maydonda joylashadi.
Loyiha qiymati $50 mln bo‘lib, uning doirasida past haroratli omborxonalar va yo‘lovchilar uchun temir yo‘l terminali barpo etiladi. Markaz quvvati yiliga 100 ming tonna mahsulotni saqlash yetadi. Shuningdek, loyiha ishga tushgach, 100ta ish o‘rni yaratiladi.
Shuningdek, uning birinchi bosqichi kelasi yilning to‘rtinchi choragida, ikkinchi bosqichi esa 2026-yilning to‘rtinchi choragida ishga tushiriladi.
Avvalroq Janubiy Koreyaning Koreya Ekologik korporatsiyasi Jizzax viloyatida chiqindilarni qayta ishlash zavodini qurishi haqida xabar berilgandi.