21-oktabr kuni oltin quyma va esdalik tangalar narxi yana rekord darajaga yetdi. Bu haqda Markaziy bank ma’lum qildi.

Bir gramm oltin tannarxi 1 mln 150 ming so‘mga yetdi. Besh grammlik uchun 5 mln 750 ming so‘mdan taklif qilinmoqda.

Regulyator tomonidan oltin quymalari bo‘yicha taqdim qilingan ma’lumotga ko‘ra:

  • 5 gramm o‘lchovli oltin quyma narxi 5 mln 750 ming so‘m;
  • 10 gramm oltin quyma narxi 11 mln 500 ming som;
  • 20 gramm oltin quyma narxi 23 mln ming so‘m;
  • 50 gramm oltin quyma narxi 57 mln 502 ming so‘mni tashkil qiladi.

Qimmatbaho metal sentabr oxiridagi pasayishdan keyin ketma-ket yetti kun davomida doimiy ravishda qimmatlashdi. Yil boshidan beri oltin narxi 35,6%ga oshdi.

Ekspertlar global noaniqlik fonida himoya aktivi sifatida oltinga qiziqish ortib borayotganini qayd etishmoqda. “UBS Group” prognoziga ko‘ra, bozordagi o‘zgaruvchanlik AQSh saylovlari tugaguniga qadar va yangi ma’muriyat tasdiqlanmaguncha davom etadi.

Oltinning global narxi ayni paytda troya unsiyasi $2730ga yaqinlashdi.

Xabar nashr qilinayotgan vaqtda “Trading Economics"da oltin narxi $2727,3ni tashkil qildi.

markaziy bank, oltin, oltin quyma, rekord


Avvalroq “Spot” O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari birinchi marta $41,1 mlrddan oshgani haqida yozgandi.

1-oktabr holatiga ko‘ra, mamlakat zaxiralari bir oyda $1,95 mlrdga oshib, $41,14 mlrdni tashkil etdi. Bu ma’lumotlar e’lon qilina boshlanganidan keyingi davr uchun eng yuqori ko‘rsatkichdir.

O‘z navbatida, oltin qiymati ham rekord ko‘rsatkichini yangiladi — $31,86 mlrd.