Shavkat Mirziyoyev 21-oktabr kuni Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti — “Green University"da bo‘ldi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Universitetda atrof-muhit va barqaror boshqaruv, atrof-muhit va iqtisodiyot, ekologiya va davlat boshqaruvi, barqaror rivojlanish, barqaror moliya, ekologiya huquqi, atrof-muhit sohasida ommaviy kommunikatsiyalar yo‘nalishlari ochilgan.
450 o‘ringa mo‘ljallangan o‘quv binosi ta’mirlanib, xonalar tegishli anjomlar, kompyuterlar va sun’iy intellekt uskunalari bilan jihozlangan. Oliygohda ta’lim ingliz tilida olib boriladi. Buning uchun AQSh, Buyuk Britaniya, Meksika va Fransiyadan chet ellik o‘qituvchilar jalb etilgan.
“Hozir ekologiya xuddi raqamli texnologiyalarday dolzarb. Kelajakda hamma soha atrof-muhit bilan hamohang bo‘ladi. Shuning uchun bu yerda ekologik iqtisodiyot, moliya, huquq kabi yo‘nalishlar tashkil etildi. Endi dual ta’limni kengaytirib, bu yerdagi bilimlarni tezroq joylarda tatbiq qilish kerak”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlat rahbari mutasaddilarga ekologiya sohasida quyi bo‘g‘in kadrlarini tayyorlash bo‘yicha Qoraqalpog‘iston va har bir viloyatda texnikumlar tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Universitetda xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari bilan akademik va kasbiy tajriba almashish yo‘lga qo‘yilgan. O‘quv dasturlari ular bilan hamkorlikda, “fan-ta'lim-ishlab chiqarish integratsiyasi” tamoyili asosida ishlab chiqilgan.
Universitetning imkoniyatlarini kengaytirish uchun kelgusida poytaxtning Yunusobod tumanidagi hamda Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi sobiq kollejlar binolari ta’mirlanib, kampusga aylantirilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, prezident oliygoh laboratoriyasini ko‘zdan kechirib, uning ilmiy salohiyati hamda zarur uskunalaridan samarali foydalanish kerakligini qayd etdi. Masalan, yer-suv sharoitlari og‘ir tumanlar bo‘yicha shartnoma asosida tahlillar o‘tkazish mumkin.
Green University
2023-yilning iyun oyida prezident farmoni bilan Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (“Green University”) tashkil etilgandi.
Undan keyin, mazkur universitet faoliyatini tashkil etishga qaratilgan prezident qarori qabul qilinib, universitet davlat OTM hisoblanishi belgilandi. 2024-yilning fevral oyi boshida oliygoh rasman ochildi.
Oliygoh “Hub and Spoke” tamoyili asosida faoliyat olib borib, bu model strategik va manfaatli hamkorlikka, yaxlit o‘quv tizimini yaratishga, resurslarni optimallashtirishga qaratilgan. Shuningdek, mahalliy mutaxassislar salohiyatini oshirish, bilim va tajriba almashishga yordam beradi.
TOEFL, IELTS, CEFR, “SAT General”, “SAT Subject” kabi sertifikatlarga ega abituriyentlar tegishli fanlardan eng yuqori ball qo‘lga kiritsa, ushbu fanlar bo‘yicha imtihondan ozod qilinadi.
Avvalroq O‘zbekistonda $1,3 mlrd investitsiyalar evaziga 8ta chiqindini yoqish zavodi qurilishi haqida xabar berilgandi. Shu bilan birga, Ohangaron tumanidagi maishiy chiqindi poligonida chiqindi gazini qayta ishlash rejalashtirilgan. Prezident bu loyihalar sonini ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.