Xorijiy valyutadagi qimmatli qog‘ozlar to‘g‘risidagi me’yoriy-huquqiy hujjat (MHH) loyihasi shu haftada jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi. Bu haqda 15-oktabr kuni Savdo-sanoat palatasida o‘tkazilgan davra suhbatida Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak ma’lum qildi, deya xabar beradi “Spot” muxbiri.
Hozir O‘zbekiston qonunchiligi chet el valyutasidagi qimmatli qog‘ozlarni joylashtirish va sotib olishni taqiqlaydi. Hujjatda xorijiy valyutadagi obligatsiyalarni chiqarish va xorijiy kompaniyalar aksiyalarini sotib olish imkonini beruvchi o‘zgartirishlar taklif etilgan.
Xorijiy valyutadagi obligatsiyalar nega kerak?
Vyacheslav Pakning ta’kidlashicha, so‘mdagi korporativ obligatsiyalar bozorining rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan sabablardan biri bank depozitlari bo‘yicha yuqori stavkalar bo‘lib, ular 27%ga yetgan. Bu ularni obligatsiyalarga nisbatan investorlar uchun yanada jozibador qiladi, ayniqsa, kurs o‘zgarishi va valyuta risklari bilan bog‘liq xatarlarni hisobga olgan holda.
Valyuta bozorida depozitlar bo‘yicha stavkalar ancha past — taxminan 7%, bu esa 10% daromadlilik bilan valyuta obligatsiyalarini chiqarish imkoniyatini yaratadi. Bunda kompaniyalar investorlarga bank depozitlariga yanada foydali muqobil variantni taklif qilishlari mumkin bo‘ladi.
Ekspertlarning fikricha, aholi “yostig‘i ostida” $12 mlrdgacha mablag‘ saqlaydi, ularni obligatsiyalar chiqarish orqali iqtisodiyotga jalb qilish mumkin. Bu instrument kompaniyalar (past stavkalar) uchun ham, investorlar (yuqori daromadlilik) uchun ham bank kreditlariga nisbatan foydaliroq, dedi Pak.
ILMA rahbari birinchi o‘rinbosariga ko‘ra, odamlarga sarmoya uchun jozibador muqobil variant taklif qilish orqali O‘zbekiston hozirda jalb etilmagan $10−15 mlrdning 20%ini jalb qilishi mumkin. Bu mamlakat ichida ishlashi mumkin bo‘lgan iqtisodiyotga milliardlab dollar kelib tushishini anglatadi.
Shuningdek, “O‘zmetkombinat” va “NKMK” kabi xorijiy valyutada daromad oladigan, lekin qonunchilikka ko‘ra, xorijiy valyutadagi obligatsiyalarni chiqara olmaydigan yirik mahalliy kompaniyalar tajribasi misol qilib keltirildi. Shu tariqa ular banklardan kredit olishga yoki eng kam chiqarilish summasi $300 mlngacha bo‘lgan xalqaro bozorlarga chiqishga majbur bo‘lmoqda.
Agar kompaniyalar mahalliy bozorda kamroq hajmda obligatsiyalar chiqarishlari mumkin bo‘lsa, masalan, $50−70 mln — bu ularga joriy loyihalarni moliyalashtirish va foizlar hamda xalqaro xizmatlar uchun ortiqcha xarajatlardan qochish imkonini beradi, deydi Vyacheslav Pak.
“Uzum” hisob-kitoblariga ko‘ra, qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishlardan keyingi birinchi yilda 11ta mahalliy kompaniya $90 mlnlik obligatsiyalar chiqaradi, shundan 50−60%i xorijiy investorlar tomonidan sotib olinadi, bu esa xorijiy investitsiyalar oqimini oshiradi.
Bu qanday ishlaydi?
“Toshkent” respublika fond birjasi (RFB) boshqaruv raisi Georgiy Paresishvili O‘zbekiston bozorida xorijiy qimmatli qog‘ozlar savdosini yo‘lga qo‘yish jarayonini tushuntirib berdi.
Jarayon quyidagicha bo‘ladi:
- Broker arizasi: broker regulyatorga chet el aksiyalari bilan savdo qilishga ruxsat olish uchun ariza beradi. Regulyator arizani baholaydi va aksiyalarga ruxsat berish bo‘yicha qaror qabul qiladi;
- Aksiyalarni sotib olish: rozilik olgandan so‘ng, broker mahalliy investorlar o‘rtasidagi talabni hisobga olgan holda tashqi bozorda aksiyalarni sotib olishni boshlaydi. Jarayon tashabbuskori o‘zining savdo hisobvarag‘idagi aksiyalarni amerikalik brokerdan sotib oladi va ularni O‘zbekiston Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysidagi hisob raqamiga depozitga qo‘yadi;
- Aksiyalarni depozitariyga o‘tkazish: xorijiy broker aksiyalarni Markaziy depozitariyga o‘tkazadi, u ularning kelib tushganligini qayd etadi, yangi kod beradi va mahalliy qog‘oz kabi yozuv yaratadi;
- Birja savdosi: aksiyalar jarayonni boshlagan broker hisobiga o‘tkazilgandan so‘ng, u ularni mijozlarning hisob raqamlari bo‘yicha taqsimlaydi.
“Texnik jihatdan bu qog‘oz O‘zbekiston [qimmatli] qog‘ozlaridan farq qilmaydi, xoh bu „O‘zmetkombinat“ bo‘lsin, xoh tovar xomashyo birjasi, xoh boshqa mahalliy kompaniyalar”, — dedi Georgiy Paresishvili.
Ishlab chiqaruvchi broker quyidagilarni bajarishi kerak:
- O‘zbekistonda litsenziyaga ega yoki Tartibga solish qumdoni maxsus rejimining xorijiy ishtirokchisi bo‘lish;
- fond birjasi va Markaziy depozitariyning a’zosi bo‘lish;
- xalqaro bozorlarda qimmatli qog‘ozlarni sotib olish va ularni global kastodianlar yoki “Clearstream” yoki “Euroclear” kabi xalqaro depozitariylar orqali yetkazib berish imkoniyatiga ega bo‘lish.
Xorijiy qimmatli qog‘ozlarga qanday ruxsat beriladi?
Chet el qimmatli qog‘ozlari tan olingan fond birjasida masalan, “NYSE”, “NASDAQ”, “LSE”, “Euronext” kabilarda ro‘yxatdan o‘tkazilishi kerak.
ILMA muayyan xorijiy qimmatli qog‘ozlarni savdoga qo‘yilganlar ro‘yxatiga kiritishni rad etish huquqiga ega.
Bazaviy aktivlarni saqlash va hisobga olish global kastodianlar yoki xalqaro depozitariylar (ICSD) orqali amalga oshiriladi. Shunday qilib, mahalliy qimmatli qog‘ozlar soni har doim O‘zbekiston Markaziy depozitariysining ICSD (Euroclear, Clearstream) yoki global kastodiandagi hisob raqamlariga joylashtirilgan bazaviy qimmatli qog‘ozlar soniga teng bo‘ladi.
Dividendlarni to‘lash, aksiyadorlar yig‘ilishlarida ovoz berish (ishonchnoma bo‘yicha) va boshqa harakatlar O‘zbekiston Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi orqali amalga oshiriladi.
Joriy yilning sentabr oyida ILMA xorijiy valyutadagi korporativ obligatsiyalarni chiqarishga ruxsat beruvchi yangi hujjat loyihasi ishlab chiqilishini ma’lum qilgandi.